O‘zbekiston | 16:46 / 17.04.2021
1683
2 daqiqa o‘qiladi

Uchko‘prikdagi abgor maktab ikki yildan keyin mukammal ta'mirlanishi ma'lum qilindi

Foto: KUN.UZ

Kun.uz 16 aprel kuni «Oshxonaning yarmini ma'naviyat xonasi qildik» — Uchko‘prikdagi abgor maktab manzaralari» nomli tanqidiy maqola e'lon qilgan edi.

Unda Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumani «Boboshbek» MFYda joylashgan 3-maktab binosining abgor holati, ta'lim maskanida sport zali va ma'naviyat xonasi yo‘qligi bayon qilingan edi.

Uchko‘prik tumani hokimligi muammoga munosabat bildirdi.

Unda aytilishicha, 2018 yilda maktab binosining bir korpusini joriy ta'mirlashga smeta asosida 22,5 million so‘m ajratilgan. 2019 yilda 30 million so‘m evaziga binoning tom qismi ta'mirlangan. 2020 yilda sinf xonalari homiylik asosida komplekt parta-stullar bilan ta'minlangan. Shuningdek, qo‘shimcha oshxonani ta'mirlash ishlariga 19 million so‘m sarflangan.

«Maktab binosini mukammal ta'mirlash va sport zali qurish masalasini davlat dasturiga kiritish bo‘yicha 2018 yildan buyon muntazam taklif berib kelinmoqda. 2020 yilda rejalashtirilgan joriy va mukammal ta'mirlash ishlari pandemiya tufayli amalga oshirilmagan.

Ta'kidlash joizki, maktab binosining mukammal ta'mirlashga muhtojligi, sport zali va ma'naviyat xonasi qurilishi, isitish tizimi, ta'lim maskanidagi boshqa shart-sharoitlar tuman hokimi tomonidan bir necha marotaba manzilli o‘rganilgan. O‘rganishlar davomida aniqlangan muammolarni hal etish, maktab binosini joriy ta'mirlash va issiqlik tizimini yangilash ishlari joriy yil yozgi ta'til vaqtida amalga oshirilishi ma'lum qilingan. Buning uchun smeta asosida zarur mablag‘ ajratilgan. Shuningdek, mahalliy budjet va homiylar hisobidan qo‘shimcha mablag‘lar shakllantirilgan.

Maktab binosi 2021 yil yozgi ta'til vaqtida joriy ta'mirlanishi, 2023 yilda esa davlat dasturi asosida mukammal ta'mirlanib, sport zali va ma'naviyat xonasi qurilishi ma'lum qilinadi», – deyiladi Uchko‘prik hokimligi rasmiy munosabatida.

Mavzuga oid