O‘zbekiston | 16:59 / 19.04.2021
4736
2 daqiqa o‘qiladi

«Saylovlar bo‘yicha bizga xolisona baho kerak» - Shavkat Mirziyoyev YeXHT raisi bilan uchrashuvda

2021 yilning 14 aprel kuni O‘zbekistonga tashrif buyurgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining amaldagi raisi, Shvetsiya tashqi ishlar vaziri Ann Linde davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvda O‘zbekistonda inqilobiy o‘zgarishlar bo‘layotganini qayd etgan. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov 19 aprel kuni o‘tkazilgan brifingda aytib o‘tdi.

Asadovning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvda Ann Linde xonim O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashini, ular Shvetsiyaning YeXHTdagi raisligining ustuvor yo‘nalishlariga to‘liq hamohang ekanini, so‘nggi yillarda mamlakatda inqilobiy o‘zgarishlar bo‘layotgani, Shavkat Mirziyoyev tashabbusi tufayli Markaziy Osiyoda o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik muhiti shakllanganini ta'kidlagan.

«Prezident YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi va Parlament assambleyasi to‘laqonli missiyasini bo‘lajak saylovlarni kuzatish uchun O‘zbekistonga taklif etdi. «Bu borada bizga xolisona baho kerak», dedi davlatimiz rahbari»,  deya Prezidentning uchrashuvdagi nutqidan iqtibos keltirdi Sherzod Asadov.

Uchrashuvda Ann Linde xonim bilan O‘zbekiston—Shvetsiya munosabatlari ham muhokama qilingan. Shavkat Mirziyoyev bu borada ulkan salohiyat borligi, lekin undan foydalanilmayotganini aytgan. Ann Linde O‘zbekistondagi «temir daftar», «ayollar» va «yoshlar» daftarlari ham ijtimoiy rivojlanishga qaratilgan noyob tajriba ekanini, aholi uchun «ijtimoiy lift» bo‘lishini qayd etgan.

Mavzuga oid