O‘zbekiston | 08:47 / 28.04.2021
4306
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda agentlar faoliyati tashkil etiladi

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda agentlar faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi.

Hujjat prezidentning "Davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektorni jalb etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida" 2020 yil 7 dekabrdagi qarorini amalga oshirish va fuqarolarga va tadbirkorlik sub'yektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatish samaradorligini yanada oshirish maqsadida qabul qilingan.

Qarorning 6-bandiga muvofiq:

  • tadbirkorlik sub'yektlariga davlat xizmatlari markazlari tomonidan ayrim turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatilishida agent sifatida ishtirok etishga ruxsat berilgan;
  • agent xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub'yektlari xodimlari akkreditatsiyadan o‘tgan nodavlat ta'lim muassasalari tomonidan 3 yil muddatga beriladigan hamda ko‘rsatilishi mumkin bo‘lgan xizmatlar turlari aniq belgilangan sertifikatga ega bo‘lishi shart;
  • agent xizmatlarini ko‘rsatish Davlat xizmatlari agentligi yagona platformasi doirasida amalga oshiriladi.

Quyidagilar tasdiqlandi:

  • davlat xizmatlarini ko‘rsatishda tadbirkorlik sub'yektlariga agent sifatida ishtirok etish uchun sertifikat berish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
  • tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan agent sifatida ko‘rsatilishi taqiqlangan davlat xizmatlari ro‘yxati.

Nizom quyidagilarni nazarda tutadi:

  • sertifikat olishi uchun bajarilishi lozim bo‘lgan talablar;
  • o‘quv kurslarini tashkil etish, malaka imtihonini o‘tkazish va sertifikat berish tartibi;
  • sertifikatni qayta rasmiylashtirish, amal qilishini tugatish va bekor qilish tartibi;
  • sertifikat berilgan agentlar reyestrini shakllantirish va yuritish.

Nizomga asosan tadbirkorlik sub'yekti quyidagi talablarga javob berishi lozim:

  • davlat xizmatini ko‘rsatish uchun kamida 15 kvadrat metr maydonga ega bo‘lgan bino mavjudligi;
  • davlat xizmatini ko‘rsatuvchi har bir xodim kompyuter va boshqa zarur tashkiliy texnika bilan ta'minlangani;
  • kamida 5 kishi uchun mo‘ljallangan kutish o‘rindiqlari mavjudligi;
  • bank hisobvarag‘iga, nazorat-kassa texnikasi va (yoki) hisob-kitob terminallariga ega bo‘lishi.

Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda tadbirkorlik sub'yektlariga agent sifatida ishtirok etish uchun sertifikat berish tasdiqlangan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.

Tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan davlat xizmatlarining 13 turi ko‘rsatilishi taqiqlanadi. Ular orasida - tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini to‘xtatish va tugatish, fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlarini qayd etish (tug‘ilganlik, nikoh tuzilganligi, otalikni belgilash va h.k.) va boshqalar.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid