O‘zbekiston | 11:13 / 05.05.2021
3334
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Joriy yilning 3 may kuni Ar-Riyoz shahrida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov hamda Saudiya Arabistoni investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih raisligida Savdo, iqtisod, investitsiyalar, texnika, madaniyat, sport va yoshlar masalalari bo‘yicha O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi hukumatlararo komissiyasining IV yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilish kun tartibi bilan ikki tomonlama investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, moliyaviy-texnik, transport va logistika, madaniy-gumanitar hamkorlikning keng ko‘lamli masalalari qamrab olindi.

Energetika, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari ishlab chiqarish, turizm, mehmonxona biznesi, transport va logistika kabi tarmoqlarda ikki tomonlama investitsiyaviy hamkorlikning muhim ishga solinmagan imkoniyatlari mavjudligi qayd etildi. Sog‘liqni saqlash, kimyo va farmatsevtika sanoati sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi.

Alohida tartibda o‘zaro savdo masalalari ko‘tarildi va uni faollashtirish bo‘yicha istiqbolli chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi. Shu nuqtayi nazardan, tomonlar O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi savdo aylanmasi o‘sishi uchun sanoat kooperatsiyasining yangi qo‘shma loyihalari katalizator bo‘la olishini ta'kidlab, bu yo‘nalishda birgalikda ishlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Yig‘ilish davomida Islom taraqqiyot banki ko‘magida O‘zbekistonda Iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etilishi haqida so‘z bordi. Uning vazifalariga xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini oshirish hamda iqtisodiyot turli sohalarida investitsiya loyihalarini amalga oshirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish kiradi.

Shuningdek, tadbir davomida madaniy-gumanitar sohasidagi hamkorlik ham muhokama qilindi. O‘zbekistonda milliy sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish va tarkibiga tibbiy-diagnostika, ta'lim va tadqiqot obektlari kiruvchi tibbiy klasterlarni yaratish bo‘yicha Saudiya Arabistoni tibbiyoti yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlik qilish, turizm infratuzilmasini rivojlantirish va o‘zaro turistik oqimlarni ko‘paytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan Podshoh Faysal nomidagi tadqiqotlar va islomshunoslik markazi o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va boshqa bir qator masalalar ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha energetika, qishloq xo‘jaligi va standartlashtirish sohasida qator ikki tomonlama hujjatlar, shuningdek, ko‘p qirrali O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni hamkorligini o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda rivojlantirish asosiy yo‘nalishlarini aks ettiruvchi yakuniy bayonnoma imzolandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish