Jamiyat | 09:06 / 16.05.2021
65562
2 daqiqa o‘qiladi

Bahodir Yo‘ldoshev vafot etdi

O‘zbekiston xalq artisti, rejissyor va san'at arbobi Bahodir Yo‘ldoshev 76 yoshida olamdan o‘tdi. 

«O‘zbekiston kino va teatr san'ati og‘ir judolikka uchradi. O‘zbekiston Respublikasi san'at arbobi, O‘zbekiston xalq artisti , mohir rejissyor va aktyor, talabchan ustoz va mehribon murabbiy Bahodir Yo‘ldoshev uzoq davom etgan xastalik tufayli 76 yoshida bu yorug‘ olamni tark etdi.

Sermahsul ijodiy faoliyati davomida «Mehnat shuhrati», «El-yurt hurmati», «Fidokorona xizmatlari uchun» ordenlari bilan taqdirlangan ustoz san'atkorning yorqin xotirasi qalblarimizda mangu yashaydi.

Ustoz san'atkorning vafoti munosabati bilan uning oila a'zolari va yaqinlariga chuqur ta'ziya izhor etamiz», deyiladi Madaniyat vazirligi matbuot xizmati xabarida.

Marhumni so‘nggi yo‘lga kuzatish marosimi uning tug‘ilgan qishlog‘ida, Samarqand  viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanidagi ota uyida o‘tkaziladi.

Bahodir Yo‘ldoshev 1945 yilda Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahrida san'atkorlar oilasida tug‘ilgan. 1970 yilda Toshkent teatr va rassomlik institutini tugatgan. 1971–1974 yillarda Hamza nomidagi O‘zbek akademik drama teatrida rejissyor, 1974–1984 yillarda bosh rejissyor bo‘lib ishlagan.

Ko‘plab spektakllarga rejissyorlik qilgan Bahodir Yo‘ldoshev aktyor sifatida Olchinbek («Olovli yo‘llar»), Muxtorov («Tog‘dagi uchrashuv»), Sherzod («Olmos kamar»), Sobirov («Oshpaz») kabi obrazlarni yaratgan.

Bahodir Yo‘ldoshev O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san'at arbobi (1979), O‘zbekiston xalq artisti (1995) unvonlari bilan taqdirlangan.

Mavzuga oid