O‘zbekiston | 15:59 / 24.05.2021
7536
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqand davlat tibbiyot instituti va Birinchi Sankt-Peterburg davlat tibbiyot universiteti o‘rtasida memorandum imzolandi. Marosimda Sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Hojiboyev qatnashdi

Samarqand davlat tibbiyot institutida «Bosh va bo‘yin kasalliklariga fanlararo yondashuv» mavzucida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Bosh va bo‘yin kasalliklari, yosh tadqiqotchilarni ilmiy faoliyatga jalb etish, ularning salohiyatlaridan samarali foydalanishni muhokama qilishda, Rossiya, Bolgariya, Ozarboyjon, Ukraina, Turkiya, Hindiston, Qozog‘iston, Tojikiston va O‘zbekistondagi yetakchi tibbiy oliygohlarning 150 dan ortiq soha mutaxassislari ishtirok etdi.

Konferensiyaning ochilish marosimida Toshkent davlat stomatologiya instituti rektori N.Haydarov, Plovdiv tibbiyot universiteti vitse-rektori D.Vicheva, Samarqand davlat tibbiyot instituti rektori J.Rizayev, Yevrosiyo davlatlari bolalar neyroxirurglari assotsiatsiyasi vitse-prezidenti, professor G.Chmutin, Markaziy stomatologiya va yuz-jag‘ xirurgiyasi ilmiy-tekshirish instituti direktori F.Losev, Moskva ilmiy-tekshirish tadqiqot inctituti direktori K.Sobolev ishtirok etib, yosh tibbiyot mutaxassislari va olimlarga ushbu yo‘nalishning dolzarbligi va zarurati yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.

Yalpi majlisda bosh va bo‘yin kasalliklarini tashxislash, davolash va oldini olish masalalariga bag‘ishlangan ma'ruzalardan so‘ng anjumanning asosiy ishi olti shu'bada davom etdi. Yuzdan ortiq ma'ruzalar eshitildi.

Shu'balarda ham yosh tadqiqotchilarning bosh va bo‘yin kasalliklari, klinik tibbiyotda turli kasalliklarning zamonaviy tashxisi va davolash usullarini takomillashtirishga bag‘ishlangan 100 dan ortiq ma'ruzalar tinglandi.

Konferensiyaga O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri A.Hojiboyev va Birinchi Sankt-Peterburg davlat tibbiyot universiteti rektori S.Bagnenko ham tashrif buyurdi.

Rossiyaning yetakchi tibbiyot oliy o‘quv yurtlaridan birining rektori, professor S.Bagnenko SamDTIning ilmiy-pedagogik salohiyatini yuqori baholadi va malakali kadrlar tayyorlash hamda ilmiy salohiyatini yanada rivojlantirishda hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi.

Shuningdek, sog‘liqni saqlash vaziri A.Hojiboyev ishtirokida Samarqand davlat tibbiyot instituti va Birinchi Sankt-Peterburg davlat tibbiyot universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni imzolash marosimi ham o‘tkazildi.

Memorandumga muvofiq, tomonlar bundan buyon ma'lumot va mutaxassislar almashinuvi, professor-o‘qituvchilar va talabalarning akademik mobilligini rivojlantirish, shuningdek, birgalikda ilmiy tadqiqotlar, ilmiy konferensiyalar, seminarlar va simpoziumlar o‘tkazish bo‘yicha o‘zaro aloqalar o‘rnatadilar.

Ilmiy-amaliy anjuman so‘ngida Sog‘liqni saqlash vaziri A.Hojiboyev va Birinchi Sankt-Peterburg davlat tibbiyot universiteti rektori S.Bagnenko institutning yangi o‘quv binosiga tashrif buyurdi.

Samarqand davlat tibbiyot instituti matbuot xizmati

Mavzuga oid