O‘zbekiston | 19:13 / 02.06.2021
3755
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston prezidenti Abdulla Aripovni «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirladi

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripovga ikkinchi darajali «Do‘stlik» ordenini topshirdi.

2 iyun kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripovni qabul qildi. Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati xabar berishicha, uchrashuvda qo‘shni davlat rahbari ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holatiga ijobiy baho berib, dolzarb muammolar oldida yuqori barqarorlik namoyish etilayotganini qayd etib o‘tgan.

«Biz birinchi navbatda birodar qo‘shni O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirishga e'tibor qaratamiz, buni Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va xavfsizlikni ta'minlashning juda muhim omili deb bilamiz», degan To‘qayev.

O‘z navbatida O‘zbekiston bosh vaziri uchrashuv uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston prezidentining salomi va ezgu tilaklarini yetkazgan.

Abdulla Aripov Qozog‘iston tomonidan yaqin yillarda o‘zaro savdo hajmini 10 mlrd dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilganini qayd etib, mamlakatlar hukumatlari ushbu marralarni zabt etish yo‘lida qat'iy qaror qilganliklarini ta'kidladi.

Qozog‘iston rahbari hukumatlar ish sur'atini pasaytirmasliklari, koronavirus pandemiyasidan keyingi davrda davlatlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni o‘rnatish uchun mavjud bo‘lgan barcha imkoniyatlardan foydalanish muhimligini qo‘shimcha qilgan.

Uchrashuv yakunida Qozog‘iston prezidenti O‘zbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirish va do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun O‘zbekiston bosh vazirini II darajali darajali «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlagan.

Eslatib o‘tamiz, 24 may kuni prezident Shavkat Mirziyoyev farmoniga ko‘ra, 60 yoshga to‘lgan O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlangandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid