Jahon | 14:15 / 26.06.2021
21139
3 daqiqa o‘qiladi

Afg‘oniston prezidenti AQShga bordi

Ikki davlat prezidentlari o‘zaro munosabatlarning bevosita istiqbollari va AQSh/NATO kuchlari chiqib ketganidan keyingi mamlakat kelajagini muhokama qildi.

AQSh va Afg‘oniston o‘rtasidagi hamkorlik xalqaro kuchlarining olib chiqib ketilishi bilan tugamaydi va boshqa ko‘rinishlarda davom etadi. Bu haqda Jo Bayden Vashingtonda Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani bilan uchrashuvda aytib o‘tgan. Tomonlar ikki tomonlama munosabatlarning bevosita istiqbollari va AQSh va NATO kuchlari chiqib ketganidan keyingi mamlakat kelajagini muhokama qilgan.

«Afg‘oniston va AQSh o‘rtasidagi sheriklik tugamaydi, balki saqlanib qoladi. Bizning harbiylarimiz ketmoqda, ammo Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlashimiz, ularning harbiy kuchlarini rivojlantirish, shuningdek, iqtisodiy va siyosiy yordam nuqtai nazaridan tugamaydi. Afg‘onistonliklar o‘zlarining kelajagini, nima istashlarini hal qilishlari kerak. Mamlakatdagi «bema'ni zo‘ravonliklar»ni to‘xtatish kerak, ammo bu qiyin bo‘ladi. Biz siz bilan qolamiz va kerakli vositalarga ega bo‘lishingiz uchun qo‘limizdan kelganicha harakat qilamiz», dedi Bayden.

Afg‘oniston prezidenti o‘z navbatida AQSh hukumatiga mamlakatni qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik bildirdi.

«Biz munosabatlarimizning yangi bosqichiga o‘tmoqdamiz. Endilikda o‘zaro aloqalarimiz ko‘p tomonlama hamkorlik yo‘nalishlarini o‘z ichiga oladi. O‘zaro sherikligimiz mavjudligidan juda ham mamnunmiz hamda bu birdamlikka sodiqmiz. Bu yo‘ldagi hech narsadan afsuslanmaymiz. Prezident Baydenning AQSh harbiylarini mamlakatimizdan olib chiqib ketish haqidagi qarorini hurmat qilamiz. Bu afg‘onistonliklar uchun ham, AQSh va mintaqa xalqlari uchun ham muhim ahamiyatga ega», deya ta'kidlagan Ashraf G‘ani.

Shuningdek, Afg‘oniston prezidenti uchrashuvda Jo Bayden AQShning Afg‘onistondagi elchixonasi o‘z ishini davom ettirishini , harbiy yordam ham ba'zi holatlarda tezlashtirilgan jadval bo‘yicha davom etishini aytib o‘tgan.

Ma'lumot uchun, joriy yilning 14 aprel kuni Jo Bayden Afg‘onistondagi harbiy operatsiyalarni tugatishga qaror qilganini e'lon qilgandi. Qo‘shma Shtatlar bu urushni 2001 yil oktyabrida boshlagan va mamlakat tarixidagi eng uzoq davom etgan xorijdagi harbiy operatsiya hisoblanadi. AQSh harbiy kontingenti 11 sentyabrga qadar Afg‘onistonni tark etishi kutilmoqda.

Mavzuga oid