O‘zbekiston | 01:14 / 26.06.2021
27508
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident Chirchiq daryosi bo‘yidagi qurilish jarayonlarini borib ko‘rdi

Chirchiq daryosi o‘zanini toraytirish hisobiga 210 gektar qo‘shimcha yer ochiladi. Ochilgan yerda bosqichma-bosqich infratuzilma obektlari quriladi. Prezident istirohat maskanlarini ko‘paytirish bo‘yicha topshiriq berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 31 may kuni Chirchiq daryosi bo‘yini obodonlashtirishga oid loyiha taqdimoti bilan tanishgan edi.

Prezident matbuot xizmati ma'lumotiga ko‘ra, daryoning Toshkent shahridan o‘tgan qismi 16 kilometrni tashkil etadi. Ushbu masofada o‘zanni qisqartirib, turli infratuzilma obektlari barpo etish rejalashtirilgan. Birinchi bosqichda Ohangaron va Bektemir ko‘chalari oralig‘idagi 5 kilometr tartibga keltirilmoqda.

Prezident 26 iyun kuni bu yerdagi qurilish jarayonini ko‘zdan kechirdi.

Bu qismdagi ishlar 2021-2022 yillarda amalga oshiriladi. Natijada 34 gektardan ziyod maydon hosil bo‘ladi.

Loyiha to‘rt bosqichdan iborat. Ikkinchi bosqichda yana 5 kilometr, uchinchisi va to‘rtinchi bosqichlarda 3 kilometrdan daryo o‘zani tartibga keltiriladi.

Umuman, bu ishlar natijasida 210 gektar qo‘shimcha yer ochiladi. Bu hudud ko‘kalamzorlashtirilib, dam olish maskanlari, sayr yo‘laklari va mahalliy avtomobil yo‘llari barpo etiladi. Shuningdek, zamonaviy uy-joylar, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish inshootlari qurilishi rejalashtirilgan.

Shavkat Mirziyoyev bu hudud shahar ekologiyasi uchun muhimligini ta'kidlab, ko‘proq daraxtlar ekish, aholi uchun rekreatsion joylarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Shu yerda Toshkent shahri va tumanlari hokimlari, sektor rahbarlari, mahalla raislari bilan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Mavzuga oid