Jahon | 00:09 / 07.07.2021
7468
2 daqiqa o‘qiladi

Kanadada tub aholi vakili ilk bor general-gubernator etib tayinlandi

Foto: The Washington Post

Kanadaning yangi general-gubernatori mamlakat tarixida ilk bor tub aholi vakili Meri Saymon bo‘ldi. Bu haqda Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo ma'lum qildi.

«Mening tavsiyamdan keyin Oliya hazratlari Britaniya qirolichasi Yelizaveta II Meri Saymon Kanadaning o‘ttizinchi general-gubernatori lavozimiga tayinlanishini ma'qulladi», deb ma'lum qilgan Tryudo.

Kanada bosh vaziri bu tayinlovni tarixiy hodisa deb atagan.

73 yoshli Saymon Kanada tub aholisi — inuitlar (eskimos) vakili hisoblanadi. U o‘z vaqtida Kanadaning Daniyadagi elchisi, tashqi ishlar vazirligining Arktika ishlari bo‘yicha vakili lavozimlarini egallagan. 

Kanada general-gubernatori Britaniya qiroli yoki qirolichasi tomonidan mamlakat bosh vaziri tavsiyasiga ko‘ra tayinlanadi. 

Kanadaning avvalgi general-gubernatori Juli Payyet qo‘l ostidagi xodimlarga yomon munosabatda bo‘lgani sababli iste'foga chiqqandan keyin yanvar oyidan ushbu lavozimni oliy sud raisi Richard Vagner vaqtincha egallab kelayotgandi.

Kanada konstitutsiyasiga ko‘ra, general-gubernator keng vakolatlarga ega. Jumladan, u bosh vazir va uning hukumati a'zolaridan qasamyod qabul qiladi, parlamentni tarqatish va saylovlar e'lon qilish huquqiga ega hamda barcha qonunlarni tasdiqlaydi. Biroq amaliyotda ko‘proq vakillik vazifalarini bajaradi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid