Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh va Kanada shaharlari Yevropaga ko‘chirilsa, qayerga to‘g‘ri keladi?
Yangi infografikada Shimoliy Amerika shaharlari Yevropa, Osiyo va Afrika xaritasiga xuddi shu kenglikda joylashtirilgan holda tasvirlandi. Unda AQSh va Kanadadagi yirik shaharlar Yevropa shaharlariga nisbatan ancha janubda joylashgani ko‘rsatilgan.
Foto: REUTERS
Infografikani o‘rganar ekan, AQSh va Kanadadagi ko‘plab yirik shaharlar geografik jihatdan Janubiy Yevropa, Afrika va hatto Arabiston yarimoroli kengliklariga mos kelishi ma’lum bo‘ladi.
Kanada ko‘pincha Yevropada juda shimoliy mamlakat sifatida qabul qilinadi. Biroq mamlakat poytaxti Ottava geografik kenglik bo‘yicha Astraxandan ham janubda joylashgan.
Ottavada o‘rtacha yillik harorat taxminan +6,5 daraja bo‘lsa, Astraxanda bu ko‘rsatkich +9,5 darajani tashkil etadi.
Kanadaning shimoli-g‘arbiy hududlari markazi hisoblangan Yyellounayf shahri qattiq iqlimi bilan ajralib turadi. Bu yerda o‘rtacha yillik harorat –4,6 daraja. Infografikada u Norvegiyaning Olesunn shahri kengligiga mos kelgan. Olesunnda esa o‘rtacha yillik harorat +6,7 darajani tashkil etadi.
Ko‘plab AQSh shaharlari esa Yevropa hududidan tashqariga chiqib ketgan. Masalan, AQSh poytaxti Vashington infografikada Turkiya va Eron chegarasiga “joylashtirilgan”. U kenglik jihatidan Eronning Bozergon shahriga yaqin hisoblanadi.
Shu bilan birga, Vashingtonda o‘rtacha yillik harorat +15,5 daraja bo‘lsa, Bozergonda bu ko‘rsatkich +11,7 daraja. Yevropa shaharlari ichida Vashingtonni Lissabon bilan taqqoslash mumkin, ammo Portugaliya poytaxtida iqlim yanada iliq — o‘rtacha +17,5 daraja.
Los-Anjyeles ham Yevropadagi shaharlarning aksariyatidan janubroqda joylashgan. Infografika mualliflari uni Jazoir hududiga “ko‘chirgan”. Geografik jihatdan unga Jazoirning Jyelfa shahri yaqin keladi.
Biroq iqlim jihatidan Los-Anjyeles ancha iliq: u yerda o‘rtacha yillik harorat +17,6 daraja, Jyelfada esa +14,1 daraja.
Infografikada Moskva yaqiniga biror shahar joylashtirilmagan. Ammo kenglik bo‘yicha Rossiya poytaxtiga nisbatan Kanada shahri Edmonton yaqin hisoblanadi. Edmontonda o‘rtacha yillik harorat +3,9 daraja bo‘lsa, Moskvada bu ko‘rsatkich +6,3 darajani tashkil etadi.