Jahon | 10:49 / 15.07.2021
62464
7 daqiqa o‘qiladi

Urushlarsiz Afg‘oniston. Tarixda shunday davr bo‘lgan edi

Hozirda Afg‘oniston degan so‘z ortidan xayolga albatta urush ergashib keladi. Doimiy qirg‘in, nola-yu afg‘onlarga to‘la bu davlatning nomlanishidayoq ulkan ma'nolar mujassam. Lekin Afg‘onistonda doim ham urushlar bo‘lmagan. Shunday davrlar bo‘lganki, bu mamlakat ko‘p jihatdan o‘rnak bo‘la olgan.

Bir vaqtlar Afg‘oniston hududi Xuroson nomi bilan musulmon madaniyati, ilmi va iqtisodi markazi bo‘lgan. Amir Temur saltanatining muhim tayanchlaridan biri Hirot shahri edi. Temuriylar nizolari yirik davlat parchalanishiga olib kelsa-da, Xuroson yaxlit mamlakat maqomini saqlab qolgan va yuksalishda davom etgan. Husayn Boyqaro, Alisher Navoiy davrida dunyo nigohidagi nuqtalardan biriga aylangan.

Bu ko‘hna tarix. Afg‘onistonning farovon yashagan, ilm-fan, madaniyat, iqtisod rivojlangan zamonaviy tarixi ham bor.

1979 yilda sovet qo‘shinlari kiritilishini tarixning o‘ziga xos burilish nuqtasi deb atash mumkin va shundan keyin Afg‘oniston butkul urushlar girdobiga sho‘ng‘ib ketdi. Bu sana ham shartli albatta, chunki bunga qadar ham Afg‘onistonda taxt talashishlar, davlat boshqaruvidagi o‘zgarishlar, yirik urug‘lar, millatlararo ziddiyatlar muntazam sodir bo‘lib kelgan. Biroq bu urushlar davlatchilik asosi – umumiy tinchlik orqali farovonlikka erishishga jiddiy ta'sir qilmagan.

1919 yilda otasining o‘limidan so‘ng amakisini ag‘darib taxtga chiqqan Omonullaxon Afg‘onistonni Britaniyadan mustaqil deb e'lon qiladi. Hokimiyatdan ruhlangan Omonullaxon inglizlarga qarshi urush boshlab yuboradi, ammo qator mag‘lubiyatlarga uchraydi. Shunga qaramay, Britaniya Afg‘oniston mustaqilligini tan oladi.

Undan keyin turli yillarda Habibullo, Nodirshoh, Zohirshoh, Muhammad Dovud kabi shaxslar davlat tepasiga kelishadi va ularning har biri o‘ziga xos yangi tuzum o‘rnatishga harakat qilishadi. Ammo eng asosiy muammo shunda ediki, davlat rahbarining milliy etnik kelib chiqishiga jiddiy qaralar, boshqa millat yoki elatlar darhol oshkora yoki pinhona muxolifatga kirishib ketishardi.

Tog‘lar orasida, cheklangan hududlarda uzoq vaqt o‘z qonunlari bilan yashagan urug‘lar boshqa birovga bo‘ysunishni tasavvur ham qila olishmasdi.

Shunga qaramay, ikkinchi jahon urushidan keyingi o‘n yilliklarda Afg‘oniston barqaror davlat sifatida shakllanib, rivojlanib bordi. Qator universitetlar ochildi, ziyoli odamlarning nufuzi oshib bordi, rivojlangan davlatlar, hatto AQShdan kelib doimiy ishlovchilar paydo bo‘ldi. Sanoat rivojlandi, afg‘on matolari, gilamlar eksporti keskin oshdi (darvoqe, hanuz bu yo‘nalish davlatga tushumlarning salmoqli qismini tashkil etadi).

Turizm rivojlandi, ulkan inshootlar foydalanishga topshirildi. Ta'lim, tibbiyot rivojlandi, afg‘on jarrohlari murakkab operatsiyalarni amalga oshira boshladilar. Ayollar huquqlari bo‘yicha qator muvaffaqiyatlarga erishildi. Umuman, ayollarning bu davlatda emin-erkin hayot kechirgan davri ana shu qisqa vaqtga to‘g‘ri keladi.

Madaniyat gullab-yashnadi. Buni bir inson misolida tushuntirishning o‘zi kifoya. Afg‘on xonandasi Ahmad Zohir ayni shu davrda yashab ijod etdi. 33 yilgina yashab, ulkan madaniy meros qoldirgan bu hofizga mashhurlik borasida haligacha forsiyda kuylovchi biror san'atkor yeta olgani yo‘q.

Mana shu 30-40 yil oralig‘idagina teatr san'ati haqiqiy erkin yashab oldi, kinolar ishlandi. Hozir bularning bari unut bo‘lgan.

Tuzumlar almashsa-da, yangi hukmdorlar paydo bo‘lsa-da, mamlakatda so‘z erkinligi saqlanib qoldi, inson huquqlariga amal qilindi, bolalarning bolaligi ta'minlab berildi. Shaharlar rivojlandi, boshqa davlatlar kabi Afg‘oniston ham urbanizatsiyani boshdan kechirdi. Dunyo hamjamiyatida bu davlat ham o‘z ovoziga ega bo‘ldi.

Ha, mana shularning hammasi bugun uzluksiz urushlar girdobida qolgan Afg‘oniston edi. Yana bu asrlar oshgan tarix emas, nari borsa 30-35 yil oldingi gaplar. Ammo ana shu so‘nggi 30-40 yil bu sokin mamlakatni haddan ortiq sinovlarga duchor qildi. Buyog‘i hammaga ma'lum...

Quyidagi suratlar nola-yu afg‘on mamlakatining tinch davrlari haqida hikoya qiladi:

1967 yil. Afg‘onistonda oilasi bilan yashab ishlagan arizonalik professor o‘z qizlarini istirohat bog‘ida suratga olgan. Ayni paytda bu bog‘ bombardimon qilingan.
Afg‘onistonlik qizlar maktabga bormoqdalar.
Istalif shahridagi bozor.
Kobul manzaralaridan biri.
Afg‘on harbiylari mamlakat qudratini namoyish qilishga shay davrlar.

Bir asrlik yangi tarixida Afg‘oniston bir necha tuzumlarni boshdan kechirgan:

1. 1919 yilda taxtga chiqqan Omonullaxon Afg‘onistonni dastlab amirlik deb atagan;

2. So‘nggi amir Habibulloxon 1929 yilda taxtdan ag‘darilgan va yangi hukmdor Nodirshoh Afg‘onistonning monarxiya tuzumini o‘rnatib, o‘zini shoh deya e'lon qilgan;

3. 1933 yilda, Nodirshoh o‘limidan so‘ng uning o‘g‘li – Muhammad Zohirshoh taxtga chiqadi. 1973 yilga qadar, ya'ni 40 yil davomida hukmdorlik qilgan Zohirshoh davrini bu davlatning o‘ziga xos oltin davri deb atash mumkin. To‘g‘ri, har qanday shoh singari uni ham yomon ko‘rganlar, ayovsiz tanqid qilganlar bo‘lgan. Ammo qirq yillik barqarorlik davlat rivojida katta hissa qo‘shgan. 1973 yilda o‘z amakivachchasi Muhammad Dovud tomonidan taxtdan ag‘darilgan va xorijga ravona bo‘lgan Zohirshoh faqat 2002 yilga kelibgina o‘z yurtiga qayta olgan;

4. 1973 yildan boshlangan Muhammad Dovud boshqaruvida Afg‘oniston ilk bor Respublika maqomini olgan bo‘lsa-da, amalda haqiqiy diktaturani boshdan kechiradi. Mana shu davrdan boshlab hamjihatlikka putur yetadi, siyosiy taloto‘plar boshlanib ketadi va ko‘p hollarda ular harbiy to‘qnashuvlargacha bordi. Davlatni 5 yil boshqargan Muhammad Dovud islohotlar o‘tkazishga urinadi, ammo eplay olmaydi;

5. 1978 yilda aprel inqilobi (ko‘p manbalarda Savr inqilobi) amalga oshirildi. Uning natijasida prezident Muhammad Dovud o‘z qarorgohida oila a'zolari bilan birga otib tashlanadi. Hukumat tepasiga kommunistik g‘oyalarni ilgari suruvchi Afg‘oniston xalq demokratik partiyasi keladi;

6. Boshqaruvchilar nomi demokratik partiya bo‘lsa-da, amalda davlat demokratiyadan borgan sari uzoqlashaverdi va 1979 yilda bu davlatga “cheklangan” nomi ostida sovet qo‘shinlari kiritildi. Bundan keyingi qonli tarix hammaga ma'lum.

Abror Zohidov

Mavzuga oid