Jahon | 19:03 / 02.12.2025
12261
3 daqiqa o‘qiladi

Tojik-afg‘on chegarasida yana ikki xitoylik halok bo‘ldi, Xitoy xavfsizlikni ta’minlashni talab qildi

So‘nggi kunlarda tojik-afg‘on chegarasidagi vaziyat jiddiy keskinlashdi. Xitoy kompaniyalari xodimlari halok bo‘lgan ikkita qurolli hujumdan so‘ng Afg‘onistonda dastlabki hibslar amalga oshirildi, diplomatik aloqalar kuchaytirildi.

Foto: AFP

Jangarilarning yangi hujumi: ikki xitoylik halok bo‘ldi

30 noyabr kuni qurollangan guruh Afg‘onistonning Badaxshon viloyatidan kirib, Tojikistonning Darvoz tumanidagi Shodak qishlog‘ida Xitoyning China Road and Bridge Corporation kompaniyasi xodimlariga hujum qildi. Ikki nafar Xitoy fuqarosi halok bo‘ldi, yana ikki nafari yaralandi.

Tojikiston chegara qo‘shinlari ma’lumotlariga ko‘ra, jangarilar Afg‘oniston tomonidagi Ruzvayak qishlog‘idan kelgan. Bu bir hafta ichida ikkinchi hujum bo‘ldi: 26 noyabr kuni «Shoxin-SM» kompaniyasidan uch nafar xitoylik halok bo‘lgan edi.

«Tolibon» gumonlanuvchilarni hibsga olganini ta’kidlamoqda

Afg‘oniston ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, «Tolibon» rasmiylari Tojikistondagi Xitoy fuqarolariga uyushtirilgan hujumga aloqadorlikda gumon qilingan ikki kishini qo‘lga olgan.

Manbalarga ko‘ra, qo‘lga olinganlar go‘yoki Badaxshon hududida faoliyat yuritayotgan jinoiy guruhlarga aloqador. Afg‘oniston tomoni tergovda hamkorlik qilishga tayyorligini bildirmoqda.

Tojikiston va Afg‘oniston tashqi ishlar vazirlari vaziyatni muhokama qildi

Chegaraning keskinlashuvi fonida Tojikiston TIV rahbari Sirojiddin Muhriddin va Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amirxon Muttaqiy o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi.

Afg‘oniston tomoni hodisalardan xavotir bildirdi va chegara hududlarida xavfsizlikni kuchaytirishga va’da berdi.

Tojikiston o‘z navbatida bunday hujumlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidlab, Afg‘onistonni mintaqada faoliyat yuritayotgan guruhlarga qarshi «qat’iy choralar» ko‘rishga chaqirdi.

Xitoy xavfsizlik kafolatlarini talab qildi

Bir qator hujumlardan so‘ng Xitoyning Tojikistondagi elchisi Go Chjitszyun Tojikiston tashqi ishlar vaziri Muhriddin va Milliy xavfsizlik qo‘mitasi rahbari Kamolzoda bilan shoshilinch suhbat o‘tkazdi.

Xitoy tomoni quyidagilarni talab qildi:

- Tojikistonda ishlayotgan xitoylik mutaxassislarni qo‘riqlashni kuchaytirish;

- rasmiy xavfsizlik kafolatlarini taqdim etish;

- yaqinda bo‘lib o‘tgan ikkala hujumni birgalikda tergov qilish.

Elchining ta’kidlashicha, Pekin o‘z fuqarolarining o‘limiga «o‘ta jiddiy hodisa» sifatida qaramoqda.

Mavzuga oid