Sport | 15:41 / 17.07.2021
8797
2 daqiqa o‘qiladi

Chusovitina va Baturov Tokio Olimpiadasida O‘zbekiston bayroqdorlari bo‘lishadi

Olimpiya o‘yinlarining tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston delegatsiyasidan qaysi sportchilar bayroqdor bo‘lishi ma'lum qilindi.

MOQ matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ochilish marosimida afsonaviy gimnastikachi Oksana Chusovitina va bokschi Bobo-Usmon Baturov O‘zbekiston delegatsiyasining bayroqdorlari bo‘lishadi. Qayd etish joiz, Oksana Chusovitina yozgi Olimpiya o‘yinlarida bayroqdor bo‘lgan dastlabki ayol atletimiz sifatida tarixdan joy olmoqda.

«Oksana Chusovitina Barselona-1992 Olimpiya o‘yinlari chempioni, uch karra jahon chempioni, Osiyo o‘yinlari g‘olibi, qatorasiga yettita yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan yer yuzidagi yagona ayol gimnastikachi sifatida Ginnesning rekordlari kitobiga kiritilgan. Demak, Tokiodagi ochilish marosimda o‘zining sakkizinchi Olimpiadasiga tayyorgarlik ko‘rayotgan, allaqachon dunyo gimnastikasi afsonasiga aylangan hamyurtimiz, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi, «O‘zbekiston iftixori» faxriy unvoni egasi Oksana Chusovitina mamlakatimiz sport delegatsiyasini hur diyorimiz bayrog‘ini sarbaland ko‘targan holda XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarining bosh arenasiga boshlab tushadi. Unga esa boks bo‘yicha Osiyo chempioni, Osiyo o‘yinlari g‘olibi, jahon chempionati sovrindori, «Kelajak bunyodkori» medali sohibi Bobo-Usmon Baturov hamrohlik qiladi», - deyiladi O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi xabarida.

Ma'lumot uchun, ochilish marosimining ssenariysiga ko‘ra, barcha davlatlardan 1 nafardan erkak va ayol sportchilar bayroqdor bo‘lib chiqishadi. Bu Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi tomonidan targ‘ib qilinayotgan gender tenglik siyosatining amalda tatbiq etilishidir. 

Eslatib o‘tamiz, XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi 23 iyul kuni Toshkent vaqti bilan soat 16:00da Tokiodagi «Olimpiya» stadionida boshlanadi.

Усмон Ибодов
Tayyorlagan Усмон Ибодов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid