Jahon | 20:47 / 24.07.2021
11962
6 daqiqa o‘qiladi

Atambayev Qirg‘izistonda ommaviy tartibsizliklar tashkil qilganlikda ayblanmoqda

Almazbek Atambayevga yangi ayblov ilgari surildi. Advokat Zamir Jo‘shev Facebook’dagi sahifasida Qirg‘izistonning sobiq prezidenti ommaviy tartibsizliklarni tashkillashtirganlikda ayblanayotganini yozdi.

Gap 2020 yil oktabr oyida kuzatilgan voqealar haqida bormoqda. O‘shanda parlament saylovlarida qayd etilgan natijalardan norozi bo‘lgan qirg‘izistonliklar ommaviy tartibsizliklarni yuzaga keltirgandi.

«Navbatdagi asossiz, ahmoqona va yuzsizlarcha ayblov haqida Almazbek Sharshenovichga roppa-rosa ikki hafta oldin xabar berilgandi. Bu safar u 2020 yil 9 oktyabrda Bishkek shahridagi Ala-Too maydonidagi ommaviy noroziliklarni tashkillashtirganlikda ayblanmoqda. Ayblovning bema'niligidan aql shoshadi», – deb yozadi huquqshunos.

Advokatning qayd etishicha, Almazbek Atambayevga mazkur ish yuzasidan gumondorlik bo‘yicha taqdim qilingan bildirishnomada uning o‘z jinoiy rejasini amalga oshirish hamda hukumatni egallab olish maqsadida sobiq bosh vazir Omurbek Babanov, maslahatchi Farid Niyazav va boshqa shaxslar bilan til biriktirgani haqida yozilgan.

Zamir Jo‘shev 2020 yil 9 oktyabrda Bishkekning qo‘shni maydonlarida ikkita miting bo‘lib o‘tganini yodga oladi: Sadir Japarovni qo‘llab-quvvatlash uchun Hukumat uyida va Ala-Too maydonida sobiq prezident Almazbek Atamboyev ishtirokida. Ishtirokchilar o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘lgan, Eski maydonda namoyishchilar Ala-Too maydonidagi aksiya tashkilotchilariga tosh otishgan.

«Odamlar Ala-Too maydonida yig‘ilganda, hukumat uyidagi tajovuzkor namoyishchilar u yerga kelishgan. Bir necha daqiqadan so‘ng ular tinch miting ishtirokchilariga hujum qilishgan. Tartibsizliklar paytida otishma eshitilgan, noma'lum shaxslar sobiq prezident va Sapar Isoqovning mashinasiga o‘q uzishgan. Tinch namoyish ishtirokchilari tarqalishga majbur bo‘lishgan. Oradan ko‘p o‘tmay, maydonda deyarli hech kim qolmagan, shundan so‘ng tartibsizliklarning asl sababchilari Hukumat uyiga qaytib ketishgan», – deb eslaydi Zamir Jo‘shev.

Advokat Almazbek Atambayevga nisbatan ilgari surilayotgan yangi ayblovda uning omma ichiga salbiy va tajovuzkor kayfiyat olib kirgani, oqibatda ommaviy tartibsizliklar yuz berib, o‘qotar qurollardan foydalanilgani, toshlar hamda boshqa qattiq buyumlar uloqtirilgani bayon qilinganini bildirgan.

«Aslida, 9 oktabr kuni Atambayev va boshqa siyosatchilar bosh maqsadi – mamlakatdagi siyosiy beqarorlikni yo‘qotish, avvalgi qonuniy yo‘lga qaytish, parlament tomonidan munosib nomzodni bosh vazir lavozimiga saylash, shuningdek, hukumatni zo‘ravonlik bilan egallashlariga yo‘l qo‘ymaslikni talab qilib miting o‘tkazgandi», – deydi advokat.

U mazkur ish bo‘yicha Qirg‘iziston IIV tergov bosh boshqarmasiga Omurbek Babanov va Omurbek Tekebayevni, shuningdek, sobiq prezident Sooronbay Jeenbekovdan daxlsizlik huquqini olib, uni ham tergov tadbirlariga jalb qilib, so‘roqqa chaqirishni so‘rab, talabnoma kiritganini ma'lum qilgan.

Avvalroq Atambayev turkiyaliklarga noqonuniy ravishda qirg‘iz pasportlarini berishda gumonlanayotgani xabar qilingan edi.

Eslatib o‘tamiz, Atambayev 2011 yil dekabridan 2017 yil noyabrigacha mamlakatni boshqargan. U 2005 yildagi «lola inqilobi» ishtirokchilaridan biri bo‘lgan, o‘shanda u avvaliga vazir, keyin hukumat rahbari lavozimlarini egallagan. U 2011 yilgi prezidentlik saylovlarida g‘olib chiqib, bosh vazirlikdan prezidentlikka o‘tgan. Bu u prezidentlik saylovida uchinchi bor ishtirok etishi bo‘lgandi.

2017 yilda hokimiyatga Atambayevning partiyadoshi Sooronbay Jeenbekov uning davomchisi sifatida keldi. BBC ekspertlari fikricha, ikki siyosatchi o‘rtasidagi kichik nizo keyinchalik jiddiy qarama-qarshilikka aylangan, Atambayev jamoasidagi bir necha kishi jinoiy ish doirasida qo‘lga olingach ziddiyat yanada keskinlashgandi.

Jeenbekov sobiq prezidentni jinoiy javobgarlikka tortishga yo‘l beruvchi qonunni imzolagan. Ko‘p o‘tmay Atambayevga nisbatan korrupsiya bo‘yicha ayblovlar ilgari surilgan. Parlament qaroriga ko‘ra undan daxlsizlik huquqi olib qo‘yilgan, u bu jarayonni siyosiy sabablarga ko‘ra ta'qib etish sifatida baholab, so‘rovlarga borishdan bosh tortgandi.

Millati chechen bo‘lgan «kriminal avtoritet» Aziz Batukayev 2004 yil qamalgandi. U uzoq yillik qamoq jazosini o‘tayotgan vaqtda 2013 yil ozodlikka chiqariladi. Rasmiy ma'lumotlarda uning salomatligidagi muammo sabab ozod qilingani aytiladi. 2013 yilning o‘zida Qirg‘izistonda bu ish bo‘yicha surishtiruv boshlangan va asosiy aybdor sifatida ombudsman rahbari Tursunbek Akun aytilgandi. Ammo surishtiruv ishlari to‘xtatib qo‘yilgan.

2019 yil prezident Sooronbay Jeenbekov topshirig‘i bilan surishtiruv ishlari tiklanib ish doirasida sobiq sog‘liqni saqlash vaziri va sobiq bosh prokuror qo‘lga olingandi. 2020 yilning 8 avgustida Atambayev Qo‘y-Toshdagi uyida Qirg‘iziston xavfsizlik kuchlari o‘tkazgan operatsiya doirasida qo‘lga olingandi.

Sud Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atambayev jinoyatchi Aziz Batukayevni pora evaziga qamoqdan chiqargan deb topib 11 yil-u 2 oyga qamoq jazosiga hukm qilgan. Shuningdek, undan davlat mukofotlari ham olib qo‘yilgan.

Mavzuga oid