Sport | 00:41 / 26.07.2021
14269
4 daqiqa o‘qiladi

Ulug‘bek Rashidov – Olimpiada chempioni bo‘lgan to‘qqizinchi o‘zbekistonlik

2002 yilda tug‘ilgan Ulug‘bek Rashidovning Tokio Olimpiadasidagi chempionligi millionlab o‘zbekistonliklarni xursand qildi. Ulug‘bek Olimpiada chempioni bo‘lgan eng yosh o‘zbekistonlik bo‘ldi. Shuningdek, u bu natijani o‘zbekistonliklar orasida to‘qqizinchi bo‘lib uddaladi.

Hozirgacha o‘zbekistonlik atletlar olimpiadalarda 8 marta oltin medalni qo‘lga kiritgan. Ulardan 7 tasi yozgi, bittasi esa qishki olimpiadalarga to‘g‘ri keladi. O‘zbekistonliklar orasida olimpiadani yutishni birinchi bo‘lib 1994 yil Lina Cheryazeva uddalagan. Lina Lillihamerdagi qishki olimpiadaning fristayl yo‘nalishida oltin medalni qo‘lga kiritadi. Bu o‘zbek atletlarining Olimpiadadagi ilk medali ham edi. Cheryazovadan keyin qishki olimpiadada o‘zbekistonliklar shohsupaga yaqinlashishmadi ham.

1996 yilgi Olimpiadada o‘zbek sportining yana ikki zabardast vakili medal olib, yozgi olimpiadada sovrin yutishni boshlab berishadi. Bokschi Karim To‘laganov bronza, dzyudochi Armen Bagdasarov kumush yutadi. Shundan keyin o‘zbek atletlarining natijalari yaxshilanib bordi. Sidneyda 4 sportchimiz medal oladi. Artur Taymazov alamli tarzda finalda yengilib, kumush bilan kifoyalanadi. Bokschilarimiz Sergey Mixaylov hamda Rustam Saidov bronza olishadi. Muhammadqodir Abdullayev esa boksda chempionlikni qo‘lga kiritadi. Bu o‘zbek atletlarining yozgi olimpiadalarda yutgan ilk oltini edi.

Afina-2004 o‘yinlarida medallarimiz soni 5 taga yetadi. Artur Taymazov bu gal chempion bo‘lishni uddalaydi. Undan keyin yana bir kurashchi Aleksandr Dokturashvili ham oltin oladi. Darvoqe, Artur Taymazov 2008 va 2012 yillarda ham olimpiadada chempion bo‘ladi. Biroq doping sabab uning keyingi ikki medali bekor qilinadi. Afinada ham boksdan ikkita bronza bo‘ladi. O‘tkirbek Haydarov va Bahodir Sultonov uchinchi o‘rinni olishadi. Magomed Ibragimov esa finalda yengilib, kumush medalni qo‘lga kiritadi.

Taymazovning oltini bekor qilingani hisobiga 2008 yil Pekinda o‘tgan olimpiada oltin medalsiz o‘tdi, deyishga majburmiz. Bu bahslarda Rishod Sobirov, Yekaterina Xilko va Anton Fokin bronza, Abdulla Tangriyev kumush medalni qo‘lga kiritadi. Taymazovning doping mojarosi sabab 2012 yilgi London olimpiadasi ham rasman O‘zbekiston uchun oltinsiz o‘tgan. Rishod Sobirov, Ivan Yefremov va Abbos Atoyev bronza olishgan.

2016 yil Rio olimpiadasi esa o‘zbek sporti tarixidagi eng yaxshisi bo‘lib tarixga kirdi. Atletlarimiz naq 13 ta medalni qo‘lga kiritishadi. Ulardan 4 tasi oltin edi. Bokschilar Hasanboy Do‘smatov, Fazliddin G‘oyibnazarov, Shahobiddin Zoirov va shtangachi Ruslan Nuriddinov musobaqa g‘olibi bo‘lishadi. Shahram G‘iyosov va Bektemir Meliqo‘ziyev kumush, Diyorbek O‘rozboyev, Rishod Sobirov, Rustam To‘laganov, Elmurat Tasmurodov, Ixtiyor Navro‘zov va Magomed Ibragimov bronza oladi.

Shu tariqa Ulug‘bek Rashidov 19 yoshidayoq Lina Cheryazova, Muhammadqodir Abdullayev, Artur Taymazov, Aleksandr Dokturashvili, Hasanboy Do‘smatov, Fazliddin G‘oyibnazarov, Shahobiddin Zoirov, Ruslan Nuriddinov kabi sportchilardan iborat elit ro‘yxatdan joy oldi.

O‘zbekistonlik atletlar bugungi oltinni ham qo‘shib hisoblaganda umumiy 33 ta olimpiada medalini qo‘lga kiritishgan: 9 ta oltin, 6 ta kumush, 18 ta bronza. Ular sportning 7 ta turida medal olishgan. Taekvondo yettinchi bo‘lib bu ro‘yxatga kirdi. Barcha turdagi medallar eng ko‘p boksda qo‘lga kiritilgan. Umumiy hisobda bokschilar 14 ta medal olishgan.

O‘zbekiston delegatsiyasi uchun eng sermahsul olimpiada Rio-2016 bo‘lgan. Atletlar qo‘lga kiritgan 13 ta medal umumjamoa hisobida 21-o‘rinni olishga imkon bergan. 

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid