Jamiyat | 19:30 / 04.08.2021
28857
3 daqiqa o‘qiladi

Evos mahsulotlaridagi go‘sht halolmi?

Kun.uz muxbiri Evos tarmog‘i taomlaridagi go‘sht mahsulotlarining halolligi mavzusini o‘rganish maqsadida Belarusda bo‘lib qaytdi. To‘liq tafsilotlar bilan ushbu ko‘rsatuvda tanishing.

Ijtimoiy tarmoqlarda Evos fast-fud tarmog‘ida tayyorlanayotgan taomlarga qo‘shilayotgan go‘sht mahsulotlari halol emasligi aytilgan xabarlar tarqaldi. Bu borada turli fikrlar bildirildi: kimdir buni nosog‘lom raqobat deya baholagan bo‘lsa, yana kimdir bu tarmoqdan boshqa xarid qilmasligini ta'kidlamoqda.

Kun.uz xodimlari mavzu yuzasidan savollarga javob olish, Belarus go‘sht kombinatidan O‘zbekistonga yetkazib berilayotgan go‘sht mahsulotlarining sifati va halolligiga oydinlik kiritish maqsadida Belarusda bo‘lib qaytdi. Safar Evos'ga go‘sht yetkazib beruvchi “Big-Shox” MChJ tomonidan tashkil etildi.

Safarda bizga ikki ko‘ngilli hamda Evos korxonasi rahbarlaridan biri ham hamrohlik qildi.

Biz Belarus Respublikasining Brest viloyatidagi “Pinskiy myasokombinat” – Pinsk go‘sht kombinatida bo‘lib, go‘sht yetkazib berish liniyasi faoliyati bilan tanishdik.

Bu kombinat Belarus poytaxtidan 335 km g‘arbda joylashgan. Faqat yirik shoxli bo‘rdoqi qoramollarni so‘yishga mo‘ljallangan liniyada ish konveyer usulida tashkil etilgan.

Bizga aytishlaricha, halol go‘shtga buyurtma bo‘lganida asli ozarboyjonlik Vagif qassob ukasi bilan birgalikda bo‘rdoqilarni so‘yish uchun kombinatga keladi va 300 bosh atrofida buqani so‘yadi.

Kombinat O‘zbekistonga har oy 8ta furada mahsulot yetkazib berishi ma'lum qilindi. So‘yish va bo‘rdoqini qayta ishlash jarayoni bilan bevosita videolavhada tanishish mumkin.

“Big-Shox” MChJ ta'sischisi Osimxon Xolmirzayevning aytishicha, vatandoshlariga harom go‘sht yetkazish orqali daromad topish borasida Allohdan qo‘rqadi.

Belarusga safardan so‘ng, Evos tamaddixonalariga yarimtayyor go‘sht mahsulotlari yetkazib beruvchi Vivid Meat Proccessing korxonasida ham bo‘ldik va bu yerda ham ish qanday tashkil etilgani bilan qiziqdik. Ming marta eshitgandan bir marta ko‘rgan yaxshi, naqliga amal qilaroq, videolavhani ko‘rishni tavsiya qilamiz.

Alohida uqtirishni istardikki, Kun.uz o‘quvchilar yoki xo‘randalar fikriga ta'sir ko‘rsatishni istamaydi, zero bu bilan xolislik ta'minlanmagan bo‘lardi, nazarimizda. Xulosa chiqarish har kimning o‘ziga havola.

Tolib Rahmatov Ⓣ

Mavzuga oid