Sport | 19:43 / 13.08.2021
11637
6 daqiqa o‘qiladi

Parij Olimpiadasiga tayyorgarlik borasidagi vazifalar ko‘rsatib o‘tildi

Barcha sport maktablari faoliyati ham samarali bo‘lmayotgani, respublika miqyosidagi chempionatlarning saviyasi tushib ketgani tanqid qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13 avgust kuni XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan sportchi va murabbiylar bilan uchrashdi.

Tadbirda Milliy Olimpiya qo‘mitasi va sport federatsiyalari rahbarlari, sportchilarning ota-onalari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ham qatnashdi.

Prezident Olimpiada sovrindorlari bo‘lgan sportchilarning ota-onalari va murabbiylariga alohida rahmatlar aytdi.

«Tomirlarida Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Pahlavon Mahmud, Zahiriddin Bobur kabi buyuk ajdodlarimizning kuch-g‘ayrati jo‘sh urib turgan, ularga har tomonlama munosib bo‘lgan avlodgina bunday ulkan ishlarga qodir bo‘ladi», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mamlakatda ayollar sporti rivojlanib borayotgani e'tirof etildi. Buni Tokio Olimpiadasida 28 nafar sportchi qizlar qatnashganida ham ko‘rish mumkin. Bu O‘zbekiston tarixida rekord natijadir.

Davlat rahbari dunyo miqyosida shuhrat qozongan qahramon sportchi Oksana Chusovitina haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. U sport gimnastikasi bo‘yicha ketma-ket 8 marta Olimpiya o‘yinlarida qatnashgan. Bu jahon sporti tarixida noyob hodisa bo‘lib, Ginnesning Rekordlar kitobiga kiritilgan. Shu bois uning ishtiroki Tokio Olimpiadasining muhim voqealaridan biri sifatida e'tirof etildi.

«Bunday afsonaviy sportchimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Uning jasorati, irodasi, g‘alabaga qat'iy intilishi yosh sportchilar uchun ulkan muvaffaqiyat va shon-sharaf maktabi bo‘lib qoladi», – deya ta'kidladi prezident.

Prezident qilichbozlikning sablya yo‘nalishi bo‘yicha mamlakat tarixida birinchi marta Olimpiadada qatnashgan 18 yoshli Zaynab Dayibekova, og‘ir atletika bahslarining eng yosh ishtirokchisi bo‘lgan 19 yoshli Kumushxon Fayzullayevani ham tilga oldi.

«Mana, ko‘rib turibsizlar, O‘zbekistonning jasur sportchi qizlari xalqaro maydonlarga dadil kirib kelmoqda. Barchamiz ularga chin qalbdan tasanno aytamiz. Ayni vaqtda men sportchi yigitlarimizga qarab aytmoqchiman: agar qattiq g‘ayrat qilmasalaringiz, qizlarimiz hademay sizlardan o‘tib ketadi», deya lutf qildi Shavkat Mirziyoyev.

Tadbirda 2024 yilda Parijda bo‘ladigan Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik borasidagi vazifalar ham ko‘rsatib o‘tildi.

Avvalo, sport menejmenti bo‘yicha xalqaro kompaniyani jalb etgan holda, sohaning har bir bo‘g‘inini auditdan o‘tkazish, uning natijalari asosida jismoniy tarbiya va sportni hamda sport federatsiyalari boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish vazifasi qo‘yildi.

Faqat yakkakurashlar bilan cheklanmasdan, jamoaviy sport turlari bo‘yicha ham yo‘llanmalarni qo‘lga kiritish muhimligi ta'kidlandi.

Sport bo‘yicha ta'lim sifatini yaxshilash, zamonaviy metodika va amaliyotlarni joriy etish, iqtidorli sportchilarni saralash va tarbiyalash masalalariga alohida e'tibor qaratildi.

«Xorijdan legionerlar emas, yetuk mutaxassislarni va sportchilarni tayyorlash metodikasini olib kelish kerak», dedi prezident.

Olimpiya zaxiralari kollejlarida qabul kvotalarini butunlay qayta ko‘rib chiqish va ularda ta'lim tizimini takomillashtirish bo‘yicha topshiriq berildi.

«Mamlakatimizda 329ta sport maktabi bor. Ularda 13 ming nafardan ziyod murabbiylar ishlamoqda, 328 mingdan ortiq yoshlar sportning 30dan ortiq turi bilan shug‘ullanmoqda. Biroq bu maktablarning hammasi ham samarali faoliyat ko‘rsatyapti, deb bo‘lmaydi. Ayrimlaridan birorta respublika chempioni yetishib chiqmagan.

Shuning uchun 2021 yildan boshlab har bir sport maktabiga davlat buyurtmasi berish tizimini joriy etish, ularda sport razryadi va unvonlarga ega o‘g‘il-qizlarni tayyorlashga alohida e'tibor qaratish zarurligi ta'kidlandi.

Respublika miqyosidagi chempionatlarning saviyasi tushib ketgani, raqobat kamligi ko‘rsatib o‘tildi. Jamoaviy sport turlari bo‘yicha hududlardan jamoalar yetarlicha ishtirok etmayapti. Federatsiyalar esa chempionatlarni bor-yo‘g‘i 4-5ta jamoa ishtirokida, nomiga o‘tkazish bilan cheklanmoqda.

Shu bois Turizm va sport vazirligining tuzilmasini hamda jamoaviy sport musobaqalari o‘tkazishni takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Sportchilarning jismoniy, tibbiy va psixologik holati hamda farmakologik ta'minotini yaxshilash, bunda ilg‘or xorijiy tajriba bilan birga, ilmiy yondashuv va xalq tabobatini qo‘llash muhimligi ta'kidlandi. Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazini zamonaviy uskunalar bilan jihozlash, u yerda sport psixologiyasi va diyetologiyasi bo‘limlarini tashkil etish vazifasi qo‘yildi.

O‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatlarining g‘olib va sovrindorlarini hamda ularning murabbiylarini rag‘batlantirish chora-tadbirlari belgilandi.

Iqtidorli yoshlarni aniqlash va chempionatlar o‘tkazish tizimini to‘liq raqamlashtirish, Olimpiya zaxiralari platformasini ishlab chiqish zarurligi qayd etildi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 12 avgustdagi farmoniga muvofiq, Tokio shahrida bo‘lib o‘tgan XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarida yuqori natijalarga erishgan sportchi va murabbiylardan bir guruhi faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlandi.

Tadbirda ana shu yuksak mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.

Sportchi va murabbiylar, ota-onalar so‘zga chiqib, yuksak hurmat va e'tibor uchun davlat rahbariga minnatdorlik bildirdi.

 

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid