Jahon | 23:02 / 18.08.2021
33676
9 daqiqa o‘qiladi

Afg‘oniston iqtisodiyotining istiqbollari qanday?

Afg‘oniston iqtisodiyoti «zaiflik va yordamga qaramlik bilan shakllangan». Jahon banki «Tolibon» Afg‘onistonni egallashidan bir necha oy oldin e'lon qilingan hisobotida mamlakatning iqtisodiy ahvolini shunday baholagandi.

Foto: EPA

Bugun esa Afg‘onistonga qilinadigan yordamlarning kelajagi mavhum bo‘lib qolmoqda va shuning uchun ham mamlakatning iqtisodiy ahvoli yanada zaiflashmoqda.

Garchi Afg‘onistonda muhim mineral resurslar mavjud bo‘lsa-da, siyosiy vaziyat bu resurslardan foydalanishga to‘sqinlik qildi.

Mamlakatning tashqi yordamga qaramligi eng yuqori cho‘qqisiga ko‘tarilgan.

Jahon banki ma'lumotlariga ko‘ra, rivojlanishi uchun beriladigan yordam mablag‘lari mamlakat yalpi milliy daromadining 22 foiziga teng.

Bu yuqori ko‘rsatkich bo‘lsa-da, Jahon banki 10 yil oldin tarqatgan ma'lumotdan – 49 foizdan ancha past.

Afg‘onistonga iqtisodiy yordam ko‘rsatish borasida noaniqlik mavjud.

Germaniya tashqi ishlar vaziri Hayko Maas ham o‘tgan hafta ZDF telekanaliga bergan intervyusida agar toliblar mamlakatni o‘z nazoratiga olsalar va shariat qonunlarini joriy qilsalar, «bir sent ham» yordam bermasliklarini aytdi.

Boshqa davlatlar ham voqealar rivojini diqqat bilan kuzatib bormoqda.

Korrupsiya

Jahon bankining «zaiflik»ka urg‘u berishi toliblar hokimiyatni qo‘lga olishidan oldin mamlakat xavfsizligi uchun ajratilgan resurslarning ko‘pligi bilan bog‘liq. Boshqa kam daromadli mamlakatlarda bu ko‘rsatkich o‘rtacha 3 foiz bo‘lgani holda Afg‘onistonning xavfsizlik uchun ajratadigan budjeti iqtisodiyotining 29 foizini tashkil qiladi.

Xavfsizlik va korrupsiya xavotirlari ham boshqa chuqur ildizli muammoga olib kelmoqda: zaif xorijiy investitsiyalar.

BMT ma'lumotlariga ko‘ra, so‘nggi ikki yil mobaynida chet elliklar tomonidan noldan hech qanday investitsiya kiritilmagan. 2014 yildan buyon e'lon qilingan yangi xorijiy investitsiyalar soni 4tagina xolos.

Agar Janubiy Osiyoning boshqa aholisi kam mamlakatlariga qaralsa, ayni davr mobaynida Nepalda 10 barobar, Shri-Lankada esa 50 barobar ko‘p noldan investitsiya kiritilgan.

Jahon banki Afg‘onistondagi xususiy sektorni tor, deb ta'riflaydi. Ishchi kuchi past qishloq xo‘jaligi faoliyatiga asoslangan mamlakatda uy xo‘jaliklarining 60 foizi chorvachilikdan ma'lum bir miqdorda daromad oladi.

Mamlakatda noqonuniy ma'danchilik va albatta, afyun ishlab chiqarish, kontrabanda va shunga o‘xshash hodisalar ko‘p. Giyohvand moddalar savdosi esa «Tolibon» uchun muhim daromad manbayi hisoblanadi.

Mineral resurslar

2001 yilda AQSh boshchiligidagi koalitsiya kuchlari mamlakatga bostirib kirganidan keyin Afg‘oniston iqtisodiyoti o‘sdi.

Garchi Afg‘oniston bo‘yicha rasmiy ma'lumotlar unchalik ishonchli bo‘lmasa-da, Jahon banki bergan ma'lumotlarga ko‘ra, 2003 yildan keyingi 10 yillik davr mobaynida iqtisodiyot o‘rtacha 9 foizdan yuqori o‘sdi. Bundan keyingi yillarda esa (yordamlarning kamayishi ta'sirida) o‘sish sur'ati sekinlashdi va 2015-2020 yillar orasida yillik o‘rtacha ko‘rsatkich 2,5 foizga tushdi.

Mamlakatda mavjud resurslar, agar xavfsizlik ta'minlansa va korrupsiyaning oldi olinsa, xorijiy investorlar uchun jozibador bo‘lishi mumkin.

Mamlakat mis, kobalt, ko‘mir va temir rudasi kabi muhim mineral resurslarga ega bo‘lish bilan bir qatorda neft, tabiiy gaz va qimmatbaho toshlar kabi boshqa boyliklarga ham ega.

Bu manbalar orasida uyali telefon va elektromobil akkumulyatorlarida ishlatiluvchi litium metalli alohida o‘rin tutadi.

2010 yilda AQShda chop etiladigan New York Times gazetasiga bergan intervyusida AQShning yuqori martabali harbiy xizmatchisi Afg‘onistonning mineral salohiyati «jozibali» ekani, lekin unda ko‘plab «so‘roq ishoralari» mavjudligini aytgandi. Gazeta AQSh Mudofaa vazirligining Afg‘oniston «litiumning Saudiya Arabistoni»ga aylanishi mumkinligi haqidagi ma'lumotlarini qo‘lga kiritgandi.

Shunga qaramay, mamlakatda mineral resurslarni qayta ishlash imkoni bo‘lmagani kabi bu resurslardan afg‘on xalqi ham deyarli hech naf ko‘rmadi.

Xorijiy kuchlar

Xitoyning mintaqada o‘yinchi bo‘lishni xohlayotgani haqida ko‘plab ma'lumotlar bor. G‘arb davlatlariga qaraganda «Tolibon» bilan yaxshi aloqada bo‘lgan Xitoy, agar tashkilot hokimiyatni o‘z qo‘lida turib tura olsa, bundan foyda ko‘rishi mumkin.

Boshqa tomondan, Xitoy kompaniyalari ilgari mis va tabiiy gaz operatsiyalarini o‘tkazish bo‘yicha ba'zi shartnomalar imzolagan bo‘lishsa-da, bu borada unchalik katta yutuqlarga erishilmadi.

Ikki davlat o‘rtasidagi chegara qisqa ekani hisobga olinsa, mavjud imkoniyatlar Xitoyning e'tiborini jalb qiladi.

Xitoyning barcha xususiy yoki davlatga oid tashkilotlari Afg‘onistondagi faoliyat muvaffaqiyatli bo‘lishiga ishonch hosil qilishni istaydi. Agar xavfsizlik muammolari va korrupsiya kabi omillar bu resurslardan yetarli darajada foydalanishga to‘sqinlik qiladi, deb hisoblashsa, ular har qanday va'dani berishdan o‘zlarini tiyishadi.

«Tolibon» avvalgi Afg‘oniston ma'muriyatiga qaraganda kerakli sharoitlarni yaratishda moslashuvchan bo‘ladimi? Xitoy yoki boshqa mamlakatlardan kelgan potensial sarmoyadorlarning xayolidagi asosiy savol shu.

Afg‘oniston iqtisodiyotining kelajagiga ta'sir ko‘rsatadigan yana bir omil – ayollarning mehnat hayotidagi ishtirokidir.

So‘nggi o‘n yil ichida 15 yoshdan oshgan ayollarning ishchi kuchidagi ishtirok ko‘rsatkichi sezilarli darajada oshgan bo‘lsa-da, 2019 yilda e'lon qilingan ma'lumotlarga ko‘ra, 22 foiz bo‘lgan bu ko‘rsatkich hali ham xalqaro standartlardan past.

«Tolibon» davrida bu yutuqlarning yo‘qolish ehtimoli yuqori. Bu ham iqtisodiy manzarani buzadi.

Kelgusidagi qisqa muddatda iqtisodiy barqarorlik masalasida quyuq mavhumlik bor. Xabarlarga ko‘ra, ko‘plab odamlar banklardan pullarini olishga urinmoqda.

«Tolibon» bank menejyerlari, valuta savdogarlari va do‘kondorlarning hayoti va mol-mulki xavfsizligini himoya qilishini aytmoqda. Ammo xavfsizlik masalasida savol mavjudligining o‘ziyoq jiddiy muammodir. Investorlar Afg‘oniston iqtisodiyoti yurishda davom etishiga, mijozlar esa o‘z pullari xavfsizlikda ekaniga ishonishlari kerak. Bu esa darhol sodir bo‘ladigan jarayon emas.

Gumanitar halokat

15 avgust holatiga ko‘ra, «Tolibon»dan qochib, butun mamlakat hududidan Kobulga yetib kelganlar soni 17 ming 600 dan oshdi.

BMT gumanitar koordinatsiya idorasi yana minglab odamlar Kobul tomon harakatlanayotganini ma'lum qildi.

Afg‘oniston rasmiylaridan yetarli yordam ololmagan bu insonlar parklarda va ko‘chalarda tunashga majbur bo‘ldi.

Ba'zilarning aytishicha, ular xavfsizlik kuchlari uchun ishlaydigan erkaklar «Tolibon» tomonidan o‘ldirilgan va ayollarga cheklovlar qo‘yilgan shaharlardan qochishgan.

Jahon oziq-ovqat dasturi Afg‘onistondagi mavjud vaziyat «gumanitar halokatining barcha xususiyatlariga ega» ekanligini ta'kidladi.

Mavhum kelajak

«Tolibon» mamlakatni qanday boshqarishi noma'lum. Boshqaruv uslubi ham mintaqaga ko‘ra farqlanishi mumkin.

«Tolibon» nazorati ostidagi hududlardan kelayotgan xabarlar esa mavhumlikni aks ettirmoqda.

BBC’ning aniqlashicha, Mozori Sharifdan 20 kilometr uzoqlikdagi Balx shahrida ayollar va qizlar erkaklar hamrohligisiz tashqariga chiqishi mumkin. Ammo libosi tufayli bir ayol o‘ldirilgani haqida xabarlar bor.

Boshqa mintaqalarda, masalan, shimolda – Tojikiston bilan chegaradosh qishloqlarda esa ayollar burqa kiyishga majbur bo‘lgani va uylaridan yolg‘iz holda chiqa olmasligi aytilmoqda.

Yosh ayollar «Tolibon» jangchilari bilan majburan turmush qurdirilgani haqida ham ma'lumotlar bor.

«Tolibon»ning Qatardagi vakillari esa bu yolg‘on xabar ekanligini ta'kidlashmoqda. 

Mavzuga oid