Sport | 15:06 / 27.08.2021
22377
1 daqiqa o‘qiladi

Paralimpiada-2020. O‘zbekiston ilk oltin medalni qo‘lga kiritdi

Tokiodagi yozgi Paralimpiadada O‘zbekiston uchun ilk oltin medalni finalda ispaniyalik raqibni taslim etgan para-dzyudochi Uchqun Quronboyev taqdim etdi.

O‘zbekiston delegatsiyasi Tokiodagi Paralimpiya o‘yinlarida navbatdagi medalni qo‘lga kiritdi. 

-66 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan paradzyudochi Uchqun Quronboyev finalda ispaniyalik Serxio Banon Ibanesga qarshi tatamiga chiqdi va Golden Score'da raqibini mag‘lubiyatga uchratib, mamlakat delegatsiyasiga ilk oltin medalni keltirdi.

Chorakfinalda u Yaponiya vakili Yudjiro Setoni, yarimfinalda esa Ukraina vakili David Xoravani mag‘lubiyatga uchratgandi.

-60 kg vazn toifasi vakili Sherzod Namozov esa bronza medali uchun kurashda ruminiyalik Aleks Bologo yutqazib qo‘ydi.

Endilikda O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi medallar soni 3taga yetdi. Bungacha para-suzuvchi Islombek Aslanov bronza, uzunlikka sakrashda ishtirok etgan Asila Mirzayorova esa kumush medalni qo‘lga kiritishgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish