O‘zbekiston | 19:07 / 29.08.2021
14217
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi mahalliy aeroport faoliyati tiklanmoqda

19 avgust kuni Afg‘onistondan amalga oshirilgan evakuatsiya reyslariga xizmat ko‘rsatish uchun yopilgan Toshkent-3 aeroporti 31 avgustdan o‘z faoliyatini tiklamoqda.

Foto: Transport vazirligi

Mahalliy aviaqatnovlarni amalga oshiruvchi aeroport (Toshkent-3 terminali) 31 avgustdan o‘z faoliyatini tiklaydi. Bu haqda Uzbekistan Airways kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.

«31 avgustdan boshlab «Toshkent-3» aeroporti o‘z faoliyatini boshlaydi va respublika bo‘ylab amalga oshiriluvchi barcha aviaparvozlar ushbu aeroportdan jadvalga ko‘ra amalga oshiriladi.

Yo‘lovchilardan mahalliy aviaqatnovlar bilan bog‘liq savollarni aviakompaniya aloqa-markazidan, aeroport ma'lumot olish markazidan va Uzbekistan Airways ijtimoiy tarmoqlaridan aniqlashtirishlarini so‘raymiz», — deyiladi Uzbekistan Airways xabarida.

Terminal 19 avgustdan boshlab Afg‘oniston poytaxti Kobuldan evakuatsiya qilinayotgan chet el fuqarolarini qabul qilish uchun vaqtinchalik yopilgan edi.

Shu vaqt oralig‘ida barcha mahalliy reyslar Toshkent xalqaro aeroporti orqali amalga oshirildi.

Shu kunlarda AQSh va G‘arb davlatlari Kobuldan o‘z fuqarolari va afg‘onlarni evakuatsiya qilishni to‘xtatmoqda. Xususan, 27 avgust kuni Germaniya Kobuldagi afg‘on fuqarolarini Toshkent orqali evakuatsiya qilishni to‘xtatdi.