O‘zbekiston | 21:14 / 31.08.2021
3548
3 daqiqa o‘qiladi

Tibbiy sohadagi islohotlar izchil davom ettiriladi - prezident

«Yangi O‘zbekiston» bog‘ida bo‘lib o‘tgan bayram tadbirida nutq so‘zlagan Shavkat Mirziyoyev tibbiyot sohasidagi islohotlarga to‘xtaldi.

«Davlat va jamiyat taraqqiyoti, xalq farovonligini ta'minlashda sog‘liqni saqlash, ilm-fan, ta'lim-tarbiya, madaniyat va san'at, sport sohalari hal qiluvchi o‘rin tutishini hammamiz yaxshi tushunamiz.

Bugungi kunda yurtimizda tibbiyot sohasi, uning faoliyat mazmuni tubdan o‘zgarmoqda, desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Avvalo, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning sifati va samaradorligi, sog‘lom turmush tarzi yangi bosqichga ko‘tarildi.

Ko‘p tarmoqli poliklinika va kasalxonalarning moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyati mustahkamlanmoqda.

Tez tibbiy yordam tizimi zamon talablari asosida qayta tashkil etilib, moliyaviy ta'minoti kuchaytirildi. 2016 yilda mavjud bo‘lgan 800 ta «Tez yordam» shoxobchasining soni bugunga kelib 1 ming 666 taga yetkazildi. Tez tibbiy yordam brigadalari soni esa 1 ming 648 tadan 2 ming 685 taga ko‘paytirildi», dedi prezident.

Davlat rahbari keyingi yillarda O‘zbekistonda ham murakkab tibbiy operatsiyalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani haqida gapirdi.

«Ma'lumki, ilgari ko‘plab yurtdoshlarimiz murakkab tibbiy operatsiyalarni o‘tkazish uchun chet ellarga borishga majbur edi.

Keyingi yillarda sohani rivojlantirishga oid islohotlar natijasida bunday amaliyotlar endi o‘zimizda ham muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Respublika aholisiga ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatayotgan markazlar soni 2016 yilda 10tani, ularning hududiy filiallari esa atigi 2 tani tashkil etardi.

Bugungi kunda bunday markazlarning soni 20 taga yetkazildi, joylarda esa 124 ta filial faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu ishni davom ettirib, joriy yilda yana qo‘shimcha 48 ta hududiy filial tashkil etiladi.

Hammangiz ko‘rib turibsiz, sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarni o‘z vaqtida boshlab, to‘g‘ri yo‘l tanlaganimiz uchun kutilmagan pandemiya qarshisida sarosimaga tushib qolmadik.

Xalqimizning sog‘lig‘i va hayotini asrash maqsadida zudlik bilan barcha tadbirlarni ishlab chiqdik. Jumladan, koronavirusga qarshi kurashish uchun maxsus tibbiy markazlar tashkil etildi. Dori-darmon va himoya vositalarining zaxirasi shakllantirildi.

Hududlarda ishga tushirilgan 60ta kislorod stansiyasi tegishli shifoxonalarni kislorod bilan uzluksiz ta'minlashga xizmat qilmoqda. Mamlakatimizda vaksina ishlab chiqarish bo‘yicha amaliy ishlar boshlandi.

2021 yil uchun davlat budjetida 3 trillion so‘m zaxira shakllantirilib, aholi sog‘lig‘ini saqlash va koronavirusga qarshi emlash choralarini ko‘rayapmiz. Xalqimizni tezkor va samarador, sifatli tibbiy yordam bilan ta'minlashga qaratilgan islohotlar izchil davom ettiriladi», dedi prezident. 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid