O‘zbekiston | 08:04 / 06.09.2021
21560
3 daqiqa o‘qiladi

DTM apellyatsiya shikoyatini ko‘rib chiqish tartibi haqida ma'lumot berdi

Qonunchilikka ko‘ra, test sinovlari natijasidan norozi bo‘lgan abituriyentlar apellyatsiya komissiyasiga apellyatsiya shikoyatini berish huquqiga ega. Bu haqda Davlat test markazi xabar qilmoqda.

Qayd etilishicha, apellyatsiya shikoyatini bergan abituriyentlarga uni ko‘rib chiqish sanasi va vaqti ko‘rsatilgan xabarnoma beriladi. Abituriyent xabarnomada belgilangan vaqtda shaxsini tasdiqlovchi hujjat, xabarnoma va abituriyent ruxsatnomasi bilan Davlat test markaziga kelishi shart.

Apellyatsiya shikoyati ko‘rilayotgan abituriyentga uning javoblar varaqasi nusxasi, test topshiriqlari noto‘g‘ri bajarilgan javoblar ro‘yxati hamda test sinovlarida abituriyentga taqdim etilgan test topshiriqlari kitobi beriladi.

Taqdim etilgan hujjatlar asosida abituriyent o‘zining har bir noto‘g‘ri deb hisoblangan test topshirig‘iga javoblarini yozma ravishda bayon qiladi va qabul qilib olgan barcha test materiallari bilan birga apellatsiya komissiyasiga taqdim etadi.

Apellyatsiya shikoyati apellatsiya komissiyasi tomonidan faqat abituriyent ishtirokida, uning yozma javoblari asosida ko‘rib chiqiladi.

Abituriyentning yozma javoblari o‘z tasdig‘ini topmagan bo‘lsa, apellyatsiya komissiyasi test sinovlari natijalarini o‘zgarishsiz qoldirish va apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Abituriyent murojaat qilganda unga apellyatsiya shikoyati bo‘yicha qabul qilingan qarordan ko‘chirma beriladi. Abituriyentning javoblar varaqasi, test topshiriqlari kitobi Davlat test markaziga belgilangan tartibda yetkazilmagan, yirtilgan bo‘lsa, shuningdek, test sinovlaridan chetlashtirilgan yoki o‘zining javoblarini yozma ravishda bayon qilmagan abituriyentning apellyatsiya shikoyati ko‘rib chiqilmaydi.

Apellyatsiya komissiyasining qarori bo‘yicha ma'lumot O‘zbekiston ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasiga apellyatsiya shikoyatlarini ko‘rib chiqish to‘liq yakunlanganidan so‘ng, besh ish kuni ichida taqdim etiladi.

Apellyatsiya komissiyasining qarori O‘zbekiston ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangandan so‘ng kuchga kiradi.

Mavzuga oid