O‘zbekiston | 11:09 / 08.09.2021
33181
3 daqiqa o‘qiladi

Chirchiqdagi xaroba bino mish-mish ortidan mashhur bo‘lib ketdi

Chirchiq shahridagi sobiq mehmonxona va texnikum binosi 85 yil oldin qurilgan. Bino buzilishi haqida xabar tarqalgach, uning o‘ziga xos me'moriy qiyofasi va ayni paytda xaroba ahvoldaligi internet foydalanuvchilarining e'tiborini tortdi. Kun.uz muxbiri Chirchiqda bo‘lib, masalaga oydinlik kiritdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatidagi sobiq Canoat-iqtisodiyot kasb-hunar kolleji binosi buzilishi haqida xabar tarqaldi va bu jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘ldi. Foydalanuvchilar obektni sobiq “Chirchiqsoy” yoki “Chirchikstroy” mehmonxonasi deb atashmoqda.

Ma'lum bo‘lishicha, Chirchiq shahar Zakovat ko‘chasida joylashgan ushbu bino hozirda hujjatlarda “sobiq texnikum bino va inshooti” deb yuritiladi. Majmuaning umumiy yer maydoni bir yarim gektardan ortiq. Obekt 1935-1936 yillarda qurilgan.

 

Chirchiq shahar hokimligi axborot xizmati rahbari Faxriddin Qodirovning aytishicha, bino tarixiy obida sanaladi va uning buzilishi haqidagi xabar – feyk.

“Obektning buzilishi yoki qayta qurilishi bo‘yicha hech qanday rasmiy qaror qabul qilinmagan. Prezidentning 29 apreldagi qarorida bino Boks federatsiyasiga berilishi aytilgan. Ular obektni ta'mirlab, respublika miqyosidagi professional bokschilarni yetishtirib chiqaradigan katta boks maktabi ochishlari mo‘ljallangan.

Faxriddin Qodirov

Hali hujjatlashtirish ishlari davom etmoqda va ular binoni o‘zlarining hisobiga rasmiy o‘tkazib, ish boshlaganlari yo‘q. Obekt hozirgi kunda Chirchiq shahar hokimligi balansida turadi. Hokimlik uni hech kimga sotgani yoki taqdim qilgani ham yo‘q”, – dedi hokimlik vakili.

Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspertlar kengashi a'zosi Akmal O‘lmasovning aytishicha, bino noyob me'moriy uslub va badiiy-estetik jihatdan o‘ziga xos. Shu bilan birga, u tarixiy ahamiyatga ega. Mutaxassis tavsiyasiga ko‘ra, binoning tashqi va ichki fasadini restavratsiya qilish va uni galereyaga aylantirish orqali madaniy meros obekti ro‘yxatiga kiritish mumkin.

Bino joylashgan hudud – “Hamza” MFY raisi Bahodir G‘aniyev obektning tarixi haqida bilganlarini so‘zlab berdi.

Bahodir G‘aniyev

“Bu bino oldingi davrda texnikum bo‘lganini bilaman. Ko‘p odamlar o‘qir edi. Bobom ham o‘sha yerda o‘qiganlar. Keyin kollej boshqa binoga ko‘chib o‘tdi va bu obekt qarovsiz qolib ketdi. Hozirda ahvoli yaxshi emas. Ko‘p narsalari o‘g‘irlab ketilgan. Har doim obodonlashtirish ishlari bajarib turiladi. Lekin buziladi, degan gap yo‘q.

Agar bino ta'mirlanib chiroyli holatga keltirilsa, albatta, atrofidagi odamlar xursand bo‘lishadi. Bu bino bir paytlar mahallaning ko‘rki bo‘lgan. Bunday noyob tarixiy obektlar kam”, – deydi mahalla raisi.

Ma'lum bo‘lishicha, bino 2015 yil 4 iyunda Chirchiq shahar hokimligi balansiga o‘tkazilgan. Uning kelgusi taqdiri haqida hozircha aniq bir narsa deyish qiyin.

Mavzuga oid