O‘zbekiston | 16:06 / 13.09.2021
1606
2 daqiqa o‘qiladi

Aliment to‘lamagani uchun 3 nafar andijonlik shaxs 15 sutkaga qamaldi

Ular o‘z farzandlari uchun to‘lanishi kerak bo‘lgan alimentlarni to‘lashdan bo‘yin tovlagan va natijada qarzdorlik to‘planib qolgan.

Fuqaro A.X. jinoyat ishlari bo‘yicha Asaka tuman sudining buyrug‘iga asosan Sh.X. foydasiga bir nafar farzandi ta'minoti uchun aliment to‘lab borishi belgilangan bo‘lsa-da, aliment to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lamasdan kelgan. Alimentdan 16 mln 512 ming 493 so‘m qarzdorligi yig‘ilib qolgan.

Shuningdek, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Asaka tumanlararo sudining buyrug‘iga asosan qarzdor O‘.M. ham bir nafar farzandi ta'minoti uchun aliment to‘lashi yuklatilgan. O‘z farzandlarining moddiy ta'minotidan bo‘yin tovlab yurgan O‘.M.ning ham qarzi yig‘ilib, 14 mln 696 ming 601 so‘mni tashkil etgan. 

Bundan tashqari, qarzdor V.Q. ham o‘z farzandlari ta'minotidan qochib, aliment to‘lovlarini amalga oshirmay yurgani uchun O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-4-moddasiga asosan ma'muriy javobgarlikka tortilgan.

Yuqoridagi holatlar bo‘yicha qarzdorlarga 15 sutka qamoq jazosi tayinlangan.

Avvalroq, Shahrixonda farzandi uchun aliment to‘lamay yurgan 2 nafar ota ozodlikdan mahrum etilgani xabar qilingan edi.

Mavzuga oid