O‘zbekiston | 08:17 / 23.09.2021
1515
4 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda fuqarolikni rasmiylashtirishda fuqarolardan 5 mln so‘m ortiqcha jarima undirilgan. 4 ta tumanda 281 murojaatga javob xatlari yuborilmagan

Ombudsmanning Qoraqalpog‘istondagi mintaqaviy vakili 2020 yil yanvardan 2021 yil iyul oyigacha bo‘lgan muddatda tuman (shahar) IIBlarining fuqarolikni rasmiylashtirishga oid ish yurituvini o‘rgandi.

Aniqlanishicha, fuqarolikni rasmiylashtirish sohasida 2020–2021 yillar davomida Qonliko‘l, Xo‘jayli, Ellikqal'a va Taxtako‘pir tumanlari IIBlarining Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari tomonidan jami 281 holatda jismoniy shaxslardan kelib tushgan murojaatlarga javob xatlari yuborilmagan.

Xususan, 29 holatda fuqarolarga bayonnoma rasmiylashtirishda Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 281-moddasi talablariga rioya etilmagan. 19 holatda bayonnomani tuzish vaqtida huquqbuzarlarga ushbu Kodeksning 294-moddasida nazarda tutilgan ularning huquq va majburiyatlari tushuntirilmagan va bu haqida bayonnomada aks ettirilmagan.

Bundan tashqari, ayrim tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish va tegishli bayonnoma rasmiylashtirish amaliyoti yo‘lga qo‘yilmagan. Ularining mansabdor shaxslari tomonidan jami 68 holatda Kodeksning 310-moddasiga muvofiq tegishli qarorlar qabul qilinmasdan fuqarolardan jarimalar undirilgan.

Xususan, Xo‘jayli tumanida 17 ta, Taxtako‘pir tumanida 3 ta, Shumanay tumanida 7 ta va Mo‘ynoq tumanida 1 ta holatda tegishli qarorlar qabul qilinmasdan, fuqarolardan jarimalar undirilgan.

Shuningdek, tuman (shahar) bo‘limlarining mansabdor shaxslari tomonidan ushbu Kodeksning 3321-moddasi talablarini buzgan holda jami 157 holatda (Xo‘jayli tumanida 8 ta, Shumanay tumanida 18 ta, Taxiatosh tumanida 28 ta, Qorao‘zak tumanida 3 ta, Nukus tumanida 22 ta, Beruniy tumanida 9 ta, Nukus shahrida 11 ta, Qo‘ng‘irot tumanida 13 ta, To‘rtko‘l tumanida 7 ta, Kegeyli tumanida 36 ta, Amudaryo tumanida 2 ta) jarima miqdorining 100 foizi undirilgan.

Bunda har bir fuqarodan o‘rtacha (belgilangan jarimaning yetmish foizidan ortig‘i, ya'ni o‘ttiz foizini qo‘shib) 33–35 ming so‘mdan ortiqcha pul undirilgan bo‘lib, 157 nafar fuqarodan 5 mln so‘m undirilgan.

Bundan tashqari, ayrim tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan Kodeksning tegishli moddalarida ko‘rsatilgan talablar buzilgan holda jami 13 holatda (Shumanay tumanida 1 ta, Taxiatosh tumanida 2 ta, Taxtako‘pir tumanida 1 ta, Chimboy tumanida 6 ta, Ellikqal'a tumanida 2 ta) jarima solish haqidagi qaror “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan normalarga muvofiq jarimani uning ish haqi yoki boshqa daromadi, nafaqasi yoki stipendiyasidan majburiy tarzda undirib olish uchun yuborilmay qolgan, belgilangan muddatdan kechikib undirilgan yoki shu kunga qadar undirilmagan.

Eslatib o‘tamiz, oldin Ombudsmanning Qoraqalpog‘istondagi vakili Nukus tumanidagi g‘isht zavodida ishlayotgan 100 dan ortiq mahkumlarga 3 oylik maosh berilmaganini aniqlagandi.

Bundan avvalroq esa Qoraqalpog‘istondagi qamoqxonada «Ombudsman qutisi» olib qo‘yilgani, mahkumlarning yotoqxonasi talabga javob bermasligi va mehnat huquqlarining buzilayotganligi ma'lum bo‘lgandi.

Mavzuga oid