O‘zbekiston | 17:43 / 09.06.2021
3469
2 daqiqa o‘qiladi

Nukus tumanidagi g‘isht zavodida ishlayotgan 100 dan ortiq mahkumlarga 3 oylik maosh berilmagani aniqlandi

Foto: Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xiz

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Qoraqalpog‘istondagi mintaqaviy vakili Qo‘ng‘irot tumanidagi 27-son manzil koloniyasida monitoring ishlarini olib bordi. Bu haqda Ombudsman matbuot xizmati xabar berdi.

Monitoring davomida mahkumlarning yashash, ovqatlanish, yo‘qlov, banderollar va pul jo‘natmalarini olish hamda mehnat qilish sharoitlari o‘rganilgan.

Ushbu muassasadagi yaratilgan shart-sharoitlar deyarli qoniqarli darajada ekanligi, mehnat qonunchiligiga zid ba'zi holatlar borligi aniqlangan. Xususan, muassasada jazo muddatini o‘tayotgan 100 dan ortiq mahkumlar Nukus tumanidagi g‘isht zavodida ishlayotgani, ammo 2021 yilning mart–may oylari uchun ularga oylik maosh berilmagani ma'lum bo‘lgan.

Ombudsmanning Qoraqalpog‘istondagi vakili Zuhra Reymovaning aralashuvi bilan mahkumlarning oylik maoshlari to‘lab berilgan.

Shuningdek, mintaqaviy vakil mahkumlar bilan suhbat davomida ularning huquq va majburiyatlari, ombudsmanga murojaat qilish tartibi hamda usullari haqida ma'lumot bergan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Qoraqalpog‘istondagi qamoqxonada «Ombudsman qutisi» olib qo‘yilgani, mahkumlarning yotoqxonasi talabga javob bermasligi va mehnat huquqlarining buzilayotganligi ma'lum bo‘lgandi.

Mavzuga oid