O‘zbekiston | 12:50 / 30.09.2021
7713
2 daqiqa o‘qiladi

QQS to‘lovchilar maxsus ro‘yxatdan o‘tishi belgilab qo‘yildi

Yangi tartibga ko‘ra, QQS summasini qaytarib olish uchun QQS to‘lovchilari maxsus ro‘yxatdan o‘tishi kerak bo‘ladi. 

Hukumatning “Soliq to‘lovchilarni hisobga olishni yanada takomillashtirish va qo‘shilgan qiymat solig‘ining o‘rnini qoplash tartibini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi haqiqatda olingan tovarlar yoki xizmatlar bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini hisobga olish huquqi paydo bo‘lishi uchun belgilangan tartibda soliq organlarida maxsus ro‘yxatdan o‘tadi.

2022 yil 1 yanvardan QQS to‘lovchilar va ustav kapitalida davlat ulushi 50 va undan yuqori bo‘lgan yuridik shaxslar uchun bir qator operatsiyalarni “E-aktiv” avtomatlashtirilgan axborot tizimida aks ettirish majburiy hisoblanadi.

Ro‘yxatdan o‘tish uchun QQS to‘lovchilari soliq platformasi orqali onlayn ariza yuborishi lozim, arizalar soliq organi tomonidan ariza yuborilgan vaqtdayoq qabul qilingan hisoblanadi. Soliq organi arizalarni ko‘rib chiqib, talablarga javob beradigan soliq to‘lovchini maxsus ro‘yxatdan o‘tkazadi va QQS raqamini beradi.

Shuningdek, qaror bilan soliq to‘lovchilarni ixtiyoriy va majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish tartiblari belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq joriy yilda tadbirkorlik sub'yektlariga 9 trilliondan ziyod QQS qaytarilgani ma'lum qilingandi.

Mavzuga oid