Jamiyat | 13:45 / 03.10.2021
25344
3 daqiqa o‘qiladi

Turkiyalik olim Buxorodan Alp Er To‘nganing qabrini topganini ma’lum qildi

Turkiyalik professor Nejati Demir O‘zbekistonda olib borgan izlanishlari natijasida Alp Er To‘nga (Afrosiyob)ning qabrini topganini aytmoqda. U bu haqda Twitter’dagi sahifasida ma’lum qildi.

Olimning qayd etishicha, butun dunyo turkiylarining umumiy ajdodi sifatida e’tirof etiladigan Alp Er To‘nganing qabri Buxoro hududidan topilgan. Professor to‘liq ma’lumot yaqin kunlarda ochiqlanishini ta’kidlagan.

“Bu bizning butun turk dunyosiga murojaatimizdir... Barcha turkiylarning umumiy otasi hisoblangan Alp Er To‘nganing qabri men tomonimdan Buxorodan topildi. Turk dunyosini qutlayman”, deb yozgan Nejati Demir.

Hürriyet nashri muxbiri bilan suhbatda professor Demir: “Qadimgi arab va fors manbalarida Alp Er To‘nganing qabri Buxoroda ekani qayd etilgan edi. Shuningdek, meni o‘zbekistonlik tarixchi va tadqiqotchilar ham qo‘llab-quvvatlashdi. Yaqin kunlarda barcha tafsilotlarni so‘zlab beraman”, deb aytgan. Biroq u qabr Buxoroning aynan qayeridan topilganiga aniqlik kiritmagan.

Bu xabar turk dunyosi tomonidan katta xursandchilik bilan qarshi olingan. Chunki Alp Er To‘nga turkiy xalqlarning bobokaloni, ilk davlatchilikka asos solgan bahodir jangchi va yo‘lboshchi hisoblanadi. Ayrim olimlar Alp Er To‘nga shunchaki afsonaviy qahramon bo‘lgan, hayotda yashab o‘tmagan degan fikrda bo‘lib, buni tarixiy manbalarda u haqdagi ma’lumotlar bir-biriga zid ekani bilan asoslashgan. Alp Er To‘nga qabrining topilgani uning tarixda chindan ham yashab o‘tganiga rad etib bo‘lmas dalil hisoblanadi.

Tarixiy manbalarga ko‘ra, Alp Er To‘nga VII asrda yashab o‘tgan. U sak qabilalarini birlashtirib, eroniy shohlarga qarshi kurash olib borgan hamda Turkiston, Eron va Ozarboyjonning ma’lum qismini o‘z ichiga olgan Turon davlatiga asos solgan. Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk”, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asarida u adolatli hukmdor hamda qo‘rqmas jangchi sifatida tilga olingan.

Tarixchi Qahramon Rajabovning yozishicha, Alp Er To‘nga tarqoq qabilalarni birlashtirib, mustaqil Turon davlatiga asos solgan turkiylarning birinchi qooni (xoqoni) hisoblanadi. Turkiy manbalarda u Alp Er To‘nga va To‘nga Alp Er, forsiy manbalarda Afrosiyob nomi bilan tilga olingan. Samarqand shahrining shimolida joylashgan va XIII asr boshida mo‘g‘ullar bosqinidan so‘ng vayron etilgan Afrosiyob xarobalari Alp Er To‘nga asos solgan davlat qoldiqlaridir.

Professor Nejati Demir 1964 yilning 20 aprelida tug‘ilgan. 1996 yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 2000 yili dotsent, 2003 yili professor etib tayinlangan. 2010 yildan buyon u yirik arxivlarini tadqiq etib, turk ertaklari, afsonalari, she’rlari, maqollari va boshqa og‘zaki ijod namunalarini o‘rganib keladi.

Mavzuga oid