Amur oblastidagi gazni qayta ishlash zavodida yong‘in sodir bo‘ldi
Ushbu zavod qurilishida ko‘plab o‘zbekistonliklar ishlaydi. Yong‘indan jabrlanganlar yo‘q.
8 oktyabr kuni Rossiyaning Amur viloyati Blagoveshensk shahri yaqinida qurilayotgan gazni qayta ishlash zavodida yong‘in sodir bo‘ldi.
Viloyat prokuraturasi axborotiga ko‘ra, zavoddagi qurilma germetizatsiyasiga putur yetgan, natijada gaz sizib chiqishi yong‘inni keltirib chiqargan.
Ma'lum qilinishicha, yong‘indan jabrlanganlar yo‘q, hodisa vaqtida yong‘inni o‘chirish avtomatik tizimi ishga tushgan. Shunday bo‘lsa-da, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolardan olov zavod qurilmalarining bir nechtasini qamrab olganini ko‘rish mumkin.
Zavodda qurilish ishlarida qatnashayotgan o‘zbekistonlik muhojirning Kun.uz'ga xabar berishicha, yong‘in natijasida zavodda vahima ko‘tarilgan va barcha ishchilar zavodni tark etishga tushgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, zavod gaz mahsulotini Xitoyga eksport qilishga mo‘ljallangan hamda qurilishda ishlayotgan o‘zbek muhojirlari ko‘pchilikni tashkil etadi.
Yana bir o‘zbekistonlik muhojirning ta'kidlashicha, yong‘in oqibatida jabrlanganlar va halok bo‘lganlar ham bor bo‘lib, ularning soni hozircha aniq emas.
Amur viloyati prokuraturasi zavodda sanoat va yong‘in xavfsizligi bo‘yicha qonunchilik talablariga rioya qilinganini o‘rganmoqda.