O‘zbekiston | 11:13 / 13.10.2021
1510
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiy shahrida Do‘stlik bog‘i quriladi 

2022 yilda Navoiy shahrida Do‘stlik bog‘i qurilishi rejalashtirilgan. Bu haqda prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyati saylovchilari bilan uchrashuvida aytib o‘tdi. 

“Avvalambor, bugun siz, aziz yurtdoshlarim bilan mana shunday ko‘tarinki kayfiyatda uchrashib turganimdan g‘oyat xursandman. Fursatdan foydalanib, sizlarga, sizlar orqali Navoiy viloyatining ko‘pmillatli xalqiga o‘zimning chuqur hurmat-ehtiromim va ezgu tilaklarimni bildiraman.

Navoiy viloyati deganda bir tomoni cho‘l, bir tomoni ko‘l, bir yoni ulkan tog‘lar, bir tarafi bepoyon dalalardan iborat betakror tabiatni, ulkan sanoat mintaqasini tasavvur etamiz.

Ushbu hududdagi Navoiy, Zarafshon, Uchquduq kabi zamonaviy shaharlarning dovrug‘i butun dunyoga taralgan. Biz viloyatni noyob va qimmatbaho qazilmalarning mo‘l zaxirasiga, konchilik, metallurgiya, energetika, kimyo, qurilish materiallari, oziq-ovqat sohasidagi zamonaviy korxonalarga ega bo‘lgan voha sifatida barchamiz yaxshi bilamiz. 

Bu o‘lkaning tuprog‘i – oltin, deymiz. Lekin, aslida uning mard va matonatli, bag‘rikeng xalqi oltindan ham qimmatli boyligimiz, desak, ayni haqiqat bo‘ladi. 

Biz ko‘p millatli xalqimiz birligining ramzi sifatida 2022 yilda Navoiy shahrida Do‘stlik bog‘ini qurishni rejalashtirganmiz.

Bu yil buyuk Alisher Navoiy bobomiz tavalludining 580 yilligi yurtimizda keng nishonlanayotganidan yaxshi xabardorsiz. Ulug‘ bobomiz hayoti va ijodini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish bo‘yicha boshlagan ishlarimizni yuqori bosqichga ko‘tarishda Navoiy ahli, viloyat ziyolilari yanada faollik ko‘rsatadilar, deb ishonaman”, dedi prezidentlikka nomzod.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid