Jamiyat | 20:21 / 21.10.2021
80024
10 daqiqa o‘qiladi

Andijonlik fizika o‘qituvchisi hamyonbop pechka ixtiro qildi

Andijon shahrida yashovchi Qobiljon Musayev propan gaz balloni bilan ishlovchi, uyni isitishga mo‘ljallangan maishiy pech ixtiro qildi. U Kun.uz muxbiri bilan suhbatda o‘zi yaratgan pech ham iqtisodiy jihatdan samarali, ham xavfsiz ekani haqida so‘zlab berdi.

Kuz-qish mavsumi kelishi bilan aholida uyni isitish tashvishi paydo bo‘ladi. Bunda xonadon egalari turli uskunalar va pechkalardan foydalanishadi.

Qish davomida hunarmandlar tomonidan tayyorlangan tunuka va cho‘yan pechkalar, elektr quvvati bilan ishlaydigan uskunalar, chet elda ishlab chiqarilgan, zamonaviy, narxi nisbatan qimmat isitish vositalari rosa xaridorgir bo‘ladi.

Biz Andijon shahrida yashovchi Qobiljon Musayevning xonadonida bo‘lib, uning yangi ishlanmasi – kam energiya sarflab, katta issiqlik chiqaradigan pechka bilan tanishdik.

Ixtirochi Andijon davlat universiteti fizika fakultetini bitirgan. Yoshligidan texnikaga mehr qo‘yib, turli ixtirolar qilishga qiziqadi. Butun dunyoda olib borilayotgan fizika sohadagi yangiliklarni kuzatib boradi. Hozirda 36-DIMIda fizika fanidan dars berib kelmoqda.

“Qish kelishi bilan uy isitishda muammolar paydo bo‘ladi. Odamlar odatda tabiiy gaz bilan, elektr energiyasi vositasida isitishga harakat qiladi. Lekin hammamizga ma'lum, elektr energiyasi o‘chib qolishi mumkin; qolaversa, qishda tizimlarga katta yuklanish tushishi tufayli tokning ishchi kuchlanishi pasayib ketishi bor. Undan tashqari, elektr tannarxi qimmat. Tabiiy gaz esa muammo.

Aholimiz ko‘mir, o‘tin kabi odatiy yoqilg‘ilar bilan uy isitishga harakat qiladi. Ko‘mirdan foydalanish ancha noqulay va xavfli: undan is gazi chiqishi mumkin, foydalanishda ham birmuncha ovoragarchiliklar kerak. Uning ustiga, yaxshi sifatli ko‘mir ancha qimmat turadi.

Shu tufayli biz o‘ylab-o‘ylab, siqilgan, suyultirilgan, propan gazga moslashishga qaror qildik. Takomillashtirilgan qurilmamizni besh yildan beri ishlab chiqib, birinchi prototipini, ya'ni modelini yig‘ishga erishdik”, – deydi Qobiljon Musayev.

Qahramonimizning aytishicha, besh yil oldin bozorda sotilayotgan, chet elda yasalgan namunalarni o‘rganib chiqib, o‘zi mustaqil yangi pechka yasashga harakat qilgan. Birinchi namuna loyihasini sinovdan o‘tkazgan, ammo loyihada ko‘pgina kamchiliklar chiqqan.

“Birinchi namunamiz nisbatan juda oddiy edi. Ishchi qismi yo‘q. Shunchaki yoqilg‘i havo aralashmasi bir tomondan kirib yonishiga asoslangan edi. Biz bu modeldan voz kechdik. Dastlabki namunamizdagi kamchiliklarni o‘ylab bartaraf qilish maqsadida mavjud ilmiy adabiyotlardan foydalanib, ikkinchi modelni yig‘dik. Unda birinchi modelda bor kamchiliklar, undagi nuqsonlar ancha bartaraf qilindi.

Lekin bu model ham ko‘ngildagidek chiqmagani uchun yana takomillashtirishda davom etdik. Endi biz bozorlarda sotilayotgan Eron va boshqa chet davlatlarda ishlab chiqilgan narxi qimmat pechkalar va isitish vositalarining tahlili natijasida dastlabki loyihalarimizni birlashtirib, ikkinchi qurilmani yasadik. Bu qurilmamizning ish prinsipi issiq havoni ushlab qolishga asoslangan edi.

Lekin bizda mazkur modelni ishlab chiqarish uchun kerakli materiallar bo‘lmagani uchun bu modeldan ham voz kechishga to‘g‘ri keldi. Chunki uning korpusi butunlay qizir edi. Buning uchun esa bizga issiqlik va yuqori temperaturaga chidamli po‘lat navlari kerak bo‘ldi. Funksional vazifalari ham ancha cheklangan. O‘zbekiston sharoitida uyni isitish bilan birga qo‘shimcha funksiyalari bo‘lsa aholiga yanada qo‘l keladi. Misol uchun, suv va ovqat isitish. Bu isitish vositasida bunaqa funksiyalar ko‘zda tutilmagandi. Faqat uyni chiroyli qilib isitishga mo‘ljallangandi xolos”, – deydi ixtirochi o‘z ishlanmalari bilan tanishtirishda davom etib.

U dastlabki namunalardagi kamchiliklarni, odamlarning xohish-istaklarini hisobga olgan holda oxirgi yakuniy namunasini tayyorlagan.

Qobiljon o‘z loyihasiga quyidagicha izoh berdi: “Mazkur ixtiro ommaviy sotish uchun ishlab chiqarilgan tovar emas. Ayni bosqichda modelimizni tarqatish, sotish uchun muayyan tekshiruvlar o‘tishi, ruxsatnoma, patent olish kerak. Shuning uchun bu hali ommaviy ishlab chiqariladigan tovar emas. Hozircha u – faqat foydali model va ixtiro”.

Uning tushuntirishicha, yangi modelda yonish jarayoni va issiqlik uzatish jarayoni takomillashtirilib, katta foydali ish koeffitsiyentiga erishishga muvaffaq bo‘lingan. Qurilmaning energiya sarfi soatiga 200 grammni tashkil etar ekan.

“Bu modelimiz bozordagi mavjud o‘ziga o‘xshash turdagi isitish vositalari ichida eng tejamkor va eng hamyonbop hisoblanadi. Tannarx jihatdan ham, funksional vazifalari jihatdan ham shu xulosaga kelish mumkin. Qurilma nafaqat uy isitishga, balki suv va ovqat isitishga ham xizmat qiladi.

Undan tashqari, boshqa qurilmalarga qaraganda ancha xavfsiz. U o‘z-o‘zidan o‘chib qolmaydi. Ko‘mir-o‘tin yoqiladigan pechkalardan farqi – xavfsizligi va is gazi hosil bo‘lmasligida. Eng asosiysi, qariyalar va ayollarga foydalanish uchun qulay qilib ishlaganmiz. Ochishning, ichini tozalashning keragi yo‘q. Gaz o‘zi-o‘zidan balandlab ketmaydi. Qurilmamizning asosiy qismi bo‘lgan gorelkani o‘zimiz ixtiro qilganmiz.

Qurilmaning asosiy ishchi qismi foydalanishga qulay bo‘lib korpus, radiatordan iborat. Tizimimizda yonish mahsulotlari mo‘ri orqali chiqarilib yuboriladi.

Aholi issiqlikdan maksimal foydalanish uchun mo‘rilarni uzun qo‘yishga harakat qiladi. Bu aslida xavfsizlik texnikasiga zid. Mo‘ri qancha uzun bo‘lgani sari u yerdagi issiq havo sovish ehtimoli yuzaga keladi. Issiq havo soviganidan keyin uni itarib chiqarib yuborish qiyin bo‘ladi. Shuning hisobiga mo‘ri kaltaroq bo‘lsa, yonish muammosiz bo‘ladi. Bu nafaqat bizning pechkamizga, qolgan barcha turdagi pechkalarga tegishli.

Pechkamizni loyihalashtirishda mahalliy xomashyolardan foydalandik. Uning barcha qismlari o‘zimizda ishlab chiqariladi”, – deydi ixtirochi.

Qobiljon bizga o‘z ixtirosining qanday ishlashini namoyish qilib berdi. Uskunaga oddiy gaz ballonini ulash oson. Pechkadan yetarlicha issiqlik ajralyapti.

Ixtirochiga: “Aholi sizning ixtirongiz orqali oddiy 55 litr sig‘imga ega suyultirilgan gaz ballonidan foydalanib uy isitganida yoki ko‘mir, elektrdan foydalanib uyini isitganda qay darajada foyda qiladi? Umuman sizning loyihangiz samaradorligi qanday?” degan savolni berdik. Uning javobi quyidagicha bo‘ldi.

“Aholi ommaviy foydalanadigan 55 litrlik suyultirilgan gaz ballonlarini “Hududgazta'minot” tomonidan almashtirib berish narxi 25 400 so‘m. Uskunamizda, bitta ballon uzluksiz ishlatilsa, 4 sutkaga bemalol yetadi. Demak, iste'mol sutkasiga 6,5 ming so‘mdan to‘g‘ri keladi.

Agar pechkamizdan faqat kechki payt, kunning yarmida foydalansak ishlash muddati ikki barobar uzayadi. Gaz ballon taxminan 14–15 kunga yetadi. Bunda xarajat yanada arzon bo‘ladi.

Elektr energiyasi narxi 295 so‘m. Ikki kilovattlik isitish qurilmasi 12 soat ishlasa, 7 ming so‘mdan oshiqroq summa ishlatamiz. Agar ko‘mirning o‘rtacha bahosi ming so‘mdan deb hisoblasak, bitta uyga bir kunda 15–20 kg ko‘mir sarflanadi. Xarajat ham 15–20 ming so‘mga to‘g‘ri keladi. Bundan ko‘rinib turibdiki, qurilmamizning iqtisodiy samaradorligi elektr energiyasidan ham, ko‘mirdan ham ancha yuqori”.

Qobiljon qurilmani ishlab chiqarishga tatbiq qilish uchun u bir qator sinovlardan o‘tishi va ma'lum hujjatlar yig‘indisi rasmiylashtirilishi, tegishli joylardan ruxsatnomalar olinishi kerakligini aytdi. Bundan tashqari, o‘ziga yarasha xarajatlar ham ketadi.

“Bugungi kunda xalqimiz chet eldan olib kelinayotgan, narxi qimmat har xil qurilmalardan va boshqa qo‘lbola moslamalardan foydalanmoqda. Har yili qish oylarida ko‘plab baxsiz hodisalar ro‘y berayotgani esa fakt. Xavfsiz va tejamkor qurilmamiz xalqimizga yetib borsa, ularning og‘irini yengil qilsa, xursand bo‘lardim.

Ayni paytda “Hududgazta'minot” korxonalari suyultirilgan gaz yetkazib berishga katta e'tibor qaratmoqda. Uskunamizga ruxsatnoma olish, kerakli idoralardan xavfsizligi to‘g‘risida, texnik xususiyatlari to‘g‘risida ma'lumotlarni olish, laboratoriyada tekshirish, sifat nazoratidan o‘tkazish ancha mablag‘ talab qiladi. Shuning uchun buni biz ommaviy ishlab chiqarishga tatbiq qilishda shoshilmayapmiz.

Pechkamizning tayyor bo‘lishiga 350–400 ming so‘mlik xomashyo ketadi. Sotuvga taxminan 550 ming so‘mga chiqarish mumkin”, – deydi Qobiljon Musayev.

Ixtirochi aytganidek, bozorlarimiz chet elda ishlab chiqarilgan, qimmat va xavfsizligi to‘la kafolatlanmagan qo‘lbola uskunalar bilan to‘lgan. Qobiljon singari sohada yangilik yaratishga urinayotgan olimlarga, agar ularning texnik ishlanmalari asosli bo‘lsa, tegishli mutasaddilar tomonidan e'tibor qaratilsa va ko‘mak berilsa, xalqimiz uchun foydadan xoli bo‘lmas edi.

Elmurod Ermatov,
Azizbek Ismoilov.

Mavzuga oid