O‘zbekiston | 20:14 / 25.10.2021
51256
8 daqiqa o‘qiladi

Raqamlar va rekordlar: O‘zbekiston prezidentligi saylovlari tarixi

Bir vaqtlar mustaqil nomzodlar ishtirokiga ruxsat bor edi, byulletenlarda “Hammasiga qarshi” degan band ham bo‘lgan. Saylovlardan birida ikki nomzoddan biri 30, biri 40 foiz ovoz olgani e’lon qilinib, keyin rad etilgan. Boshqa safar esa hatto prezidentlikka nomzodning o‘zi ham amaldagi prezidentga ovoz bergan.

Foto: TASS

O‘zbekiston nomidagi respublika tashkil topganidan buyon bu respublikaga 12 kishi rahbarlik qilgan. Ularning 10 nafari sobiq ittifoq davrida yuqoridan tayinlangan, 2 nafari – Islom Karimov va Shavkat Mirziyoyev prezidentlik saylovlarida g‘olib chiqib, mustaqil O‘zbekistonni to‘laqonli boshqargan. O‘zbekistonda prezidentlik instituti 31 yillik tarixga ega va mana shu davr oralig‘ida 6 marta davlat rahbari maqomi uchun saylovlar bo‘lib o‘tdi.

1991 yil

Dunyo xaritasida yangi davlat – O‘zbekiston Respublikasi paydo bo‘lgan, endi uni rasman kim boshqarishi bo‘yicha xalq fikri aniqlanadigan palla edi. To‘g‘ri, bundan oldin, ya’ni 1990 yilda ham prezidentlikka saylov bo‘lgandi. Ammo unda SSSR tarkibida bo‘lgan O‘zbekiston Oliy soveti sessiyasida respublikaga prezident saylangan, ya’ni amalda fuqarolar bu jarayonda ishtirok etmagandi.

1991 yil 29 dekabrda bo‘lib o‘tgan saylovning qiziqarli jihatlari ko‘p edi. Bunda yuqorida aytilganidek, birinchi marta xalq fikri so‘ralgan holda davlat rahbari saylangandi. Bu saylov g‘olibning raqibi nisbatan eng yuqori ovoz olgani bilan tarixda qolgan. O‘shanda Islom Karimovga raqiblik qilgan «Erk» partiyasi nomzodi Salay Madaminov (Muhammad Solih) rasman 12,5 foiz ovoz to‘plashga muvaffaq bo‘lgani e’lon qilingan. Qolaversa, bu Xalq demokratik partiyasi nomzodi sifatida saylovda qatnashgan O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov nisbatan eng kam ovoz olgan saylov bo‘lgandi – 86 foiz (8 514 136 ovoz).

Ovoz beruvchilarning 0,4 foizi faqat o‘sha saylovda qo‘llangan «Hammaga qarshi» tanlovida to‘xtalishgan. Bu saylovlar ishtirok o‘ta yuqori bo‘lgani bilan ham yodda qolgan – 94,2 foizlik davomat.

Bu saylovlar ikkinchi tur bo‘lishi ehtimoli yuqori bo‘lgan saylovlar edi. Chunki saylov jarayoni ketayotgan kunda radio orqali Islom Karimov 40 foiz, Salay Madaminov esa 30 foiz ovoz olgani e’lon qilib yuborilgan. Qonunchilikka ko‘ra birinchi turda hech kim 50 foizdan ortiq ovoz yig‘a olmasa, ikkinchi tur bo‘lishi va unda kim ko‘p ovoz olsa g‘olib bo‘lishi lozim. Radioda e’lon qilingan ma’lumot asosida ko‘pchilik ikkinchi turni taxmin qilayotgan bir paytda bu ma’lumotlar rasman rad etiladi. Keyinchalik muxolifat saylovlar jarayonida qing‘irliklar bo‘lgani haqida bildirib, natijalarni tan olmaydi, MSK va hukumat vakillari esa muxolifatni provokatsiyada ayblaydi.

2000 yil

1991 yilgi saylovlardan keyingisi 1996 yilda bo‘lib o‘tishi kerak edi. Ammo 1995 yil 26 mart kuni o‘tkazilgan referendumda 99,6 foiz ovoz bilan Islom Karimovning prezidentlik vakolatlari 2000 yilga qadar uzaytirilgan.

2000 yilning 9 yanvarida bo‘lib o‘tgan saylovlarda davomat bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich qayd etiladi – 95,9 foiz. Saylovda Islom Karimov O‘zbekiston tarixidagi prezident saylovlarida eng yuqori  ko‘rsatkich – 91,95 foiz ovoz to‘plagani bilan yodda qolgan. U o‘shanda yangi tuzilgan (va tez orada faoliyatini to‘xtatgan) «Fidokorlar» partiyasi nomzodi sifatida ishtirok etgandi.

Bu saylovlarda «Hammaga qarshi» bandi olib tashlangan. Saylovda amaldagi prezidentga yagona raqib bo‘lgan XDP nomzodi Abdulhafiz Jalolov 4,71 foiz ovoz yig‘adi. Bu jarayondagi yana bir qiziq jihat – Abdulhafiz Jalolov saylov jarayonida mahalliy va xorijiy OAV qarshisida Islom Karimovga ovoz bergani va amaldagi prezident siyosatini yoqlashini bildirgandi.

2007 yil

2002 yil 27 yanvar kuni yana referendum o‘tkazilib, unda 91,78 foiz ovoz bilan prezidentlik muddati 5 yildan 7 yilga uzaytiriladi.

2007 yil 27 dekabrda bo‘lib o‘tgan navbatdagi saylov nomzodlarning ikki nafardan ortiqligi va ular safida ayol kishining ham borligi bilan tarixga kirdi hamda amaldagi davlat rahbari Islom Karimov endi uchinchi bir partiya – O‘zLiDeP nomzodi sifatida ishtirok etdi.

Saylovchilarning 90,6 foizi qatnashgan bu jarayonda Islom Karimov 88,1 foiz ovoz bilan g‘olib bo‘ldi. Uning eng yaqin raqibi Asliddin Rustamov 3,17 foiz (XDP), Dilorom Toshmuhammedova 2,9 foiz («Adolat» SDP), Akmal Saidov esa 2,85 foiz ovoz to‘plashga muvaffaq bo‘ladi.

Yana bir ahamiyatli jihat – Akmal Saidov bu saylovda biror partiya vakili sifatida ishtirok etmagan, u Saylovchilar tashabbuskor guruhi nomzodi bo‘lgan.

2015 yil

2015 yilning 29 martida bo‘lib o‘tgan navbatdagi saylovlarda ham prezidentlikka 4 nafar nomzod ilgari surildi. O‘ziga xos tomoni – bu saylovlar mag‘lub bo‘lgan bir nomzodning ikkinchi marta ishtiroki bo‘lgan, ya’ni endilikda «Milliy tiklanish» partiyasi vakiliga aylangan Akmal Saidov bu siyosiy jarayonda ham ishtirok etgan.

91,08 foiz saylovchilar (18,9 mln) qatnashgan bu saylov natijalariga ko‘ra Islom Karimov 17 122 597 saylovchi ovozi bilan 90,39 foizlik natija ko‘rsatgan va prezidentlik maqomini saqlab qolgan. Akmal Saidov 3,08 foiz ovoz bilan ikkinchi o‘rinni egallagan. XDP nomzodi Hotamjon Ketmonov 2,92 foiz ovoz to‘plashga muvaffaq bo‘lgan. To‘rtinchi nomzod, shu paytga qadar eng past ko‘rsatkich qayd etgan Narimon Umarovni («Adolat» sotsial-demokratik partiyasi vakili) faqat 389 024 saylovchi qo‘llagan – u 2,05 foiz ovoz jamg‘ara olgan.

2016 yil

Islom Karimovning o‘limidan keyingi jarayonlarni ko‘pchilik eslaydi. Prezident davlatni boshqarish qobiliyatini yo‘qotsa, uning vakolatini bajarishi kerak bo‘lgan Senat raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev bu vakolatni zimmasiga ololmasligini bildiradi. Shundan so‘ng shu paytga qadar bosh vazir bo‘lib kelgan Shavkat Mirziyoyevga O‘zbekiston Respublikasi prezidenti vazifasini bajaruvchi maqomi beriladi va u 2016 yil 8 sentabridan 14 dekabrga qadar «v.b.» qo‘shimchasi bilan faoliyat ko‘rsatadi.

2016 yil 4 dekabr kuni O‘zbekistonda hisob bo‘yicha beshinchi prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi va unda davomat 87,73 foizni tashkil etadi. 4 nafar nomzod kurashgan bu saylovlarda O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasidan nomzod bo‘lgan Shavkat Mirziyoyevni 88,61 foiz, Xalq demokratik partiyasi vakili Hotamjon Ketmonovni 3,73 foiz, «Adolat» sotsial-demokratik partiyasidan Narimon Umarovni 3,46 foiz, «Milliy tiklanish» partiyasidan Sarvar Otamurotovni 2,35 foiz saylovchilar qo‘llaydi.

2021 yil

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra prezidentlik vakolatlari 5 yil deya belgilangani bois navbatdagi saylovlar 2021 yilning 24 oktyabrida o‘tkazildi. Bu saylovlarning o‘ziga xos jihati 5 nafar nomzod kurashga kirgani va ro‘yxatdan o‘tgan har bir partiya o‘z vakiliga ega bo‘lgani bo‘ldi.

Amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zLiDeP partiyasi vakili sifatida ishtirok etgan bu saylovda u 80,01 ovoz jamg‘argani e’lon qilindi. Qolgan nomzodlar - Maqsuda Vorisovani 6,6 foiz (XDP), Alisher Qodirovni 5,5 foiz («Milliy tiklanish»), Narzulla Oblomurodovni 4,1 foiz (Ekologik partiya), Bahrom Abduhalimovni 3,4 foiz («Adolat» SDP) saylovchilar qo‘llagani ma’lum bo‘ldi.

Abror Zohidov tayyorladi

Mavzuga oid