Iqtisodiyot | 19:53 / 28.10.2021
30562
6 daqiqa o‘qiladi

«Kartoshka ajiotaji». Narxlar qanday qimmatlashdi?

O‘zbekistonda oxirgi bir oyda kartoshkaning minimal ulgurji narxlari 40 foizga qimmatlashdi. Bunga qaysi omillar ta'sir o‘tkazdi va kelajakda narxlar tushishi mumkinmi?

O‘zbekistonda kartoshka eng ko‘p iste'mol qilinadigan asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan biri hisoblanadi. O‘tgan iyul-avgust oylarida mahalliy yetishtirilgan kartoshka bo‘yicha takliflar ortishi hisobiga ichki bozorda talab va taklif orasidagi ma'lum muvozanat yuzaga keldi hamda narxlar arzonlashdi. Xususan, yil boshiga nisbatan 5,3 foizga pasayish kuzatildi. Ammo Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, sentabr oyining o‘zida kartoshka narxlari avgust oyiga nisbatan o‘rtacha 7,8 foizga oshgan.

EastFruit tahlilchilari ma'lumotlariga ko‘ra, 14 oktyabrdan 21 oktyabrgacha bo‘lgan davrda O‘zbekistonda kartoshkaning o‘rtacha ulgurji narxi bir kilogramm uchun 3500 so‘mdan 5000 so‘mgacha, ya'ni 43 foizga qimmatlashgan. Joriy narxlar darajasi 2020 yilning shu sanasiga nisbatan 39 foiz va 2019 yilning shu sanasiga nisbatan 2,2 baravar yuqori.

Ushbu ma'lumotlarni Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan har kunlik e'lon qilinadigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining ulgurji narxlari haqidagi ma'lumotlar ham qisman tasdiqlaydi. Xususan, 27 sentabr holatiga ko‘ra, kartoshkaning minimal ulgurji narxi 2500 so‘mni, maksimal narxlari esa 3500 so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, 27 oktabr holatida minimal narxlar 3500 so‘mga (narxlar oshishi 40 foiz), maksimal narxlar 4500 so‘mgacha (narxlar oshishi 28,5 foiz) yetgan.

O‘zbekistonda kartoshka yetishtirish va import qilish ko‘rsatkichlari

2017 yilda mamlakat ichkarisida 2,79 mln tonna kartoshka yetishtirilgan bo‘lsa, 216 ming tonna import qilingan (yillik nisbatda narxlar 90 foizga oshgan). Bu ko‘rsatkichlar 2018 yilda 2,91 mln tonna (import 259 ming tonna, yillik nisbatda narxlar 28 foizga arzonlashgan), 2019 yilda 3,08 mln tonna (import 292 ming tonna, yillik nisbatda narxlar 12 foizga oshgan), 2020 yilda esa 3,16 mln tonnani (import 421 ming tonna, narxlar oshishi 42 foiz) tashkil etgan.

Joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyi davomida esa 2,5 mln tonna kartoshka yetishtirilgan. Bu raqamlarni o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirganda (2020 yilning yanvar–sentabr oylarida 2,43 mln tonna) ham o‘sish kuzatilganini ko‘rish mumkin. Yildan yilga «ikkinchi non» sifatida tavsiflanadigan ushbu mahsulotni yetishtirish va import qilish ko‘rsatkichlari doimiy ravishda oshib borishiga qaramay, narxlar mamlakatdagi inflatsiya darajasiga nisbatan karrasiga ko‘proq qimmatlashgan.

Nega narxlar birdaniga keskin oshdi?

Narxlar faqatgina O‘zbekiston bozorida oshgani yo‘q. Ayni paytda Belarusda kartoshkaning ulgurji narxi o‘tgan yilning xuddi shu davridagidan ikki baravar, Rossiyada esa 2,1 baravar qimmat. Bu holat Rossiyada yomon ob-havo ta'sirida yetarli darajada hosil olinmagani bilan izohlanmoqda.

Rossiyadan Markaziy Osiyo mamlakatlariga katta miqdorda kartoshka eksport qilinadi, bu esa o‘z navbatida ushbu mamlakatlardagi ichki bozorda narxlar barqarorligiga ham ta'sir qiladi. Xususan, O‘zbekistonga kartoshka eksport qilishda yetakchi davlatlardan biri Qozog‘iston ham kechpishar kartoshkani Rossiyadan import qilib, mamlakatda yetishtirilgan ertapishar kartoshkani O‘zbekiston va mintaqaning boshqa mamlakatlariga eksport qiladi. Ayni vaziyatda eksportyor mamlakatlarning o‘zida ham narxlar oshishi O‘zbekiston bozoriga jiddiy ta'sir ko‘rsatmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekistonga eng ko‘p miqdorda kartoshka eksport qiladigan Eron ham Yevropada ushbu mahsulotga nisbatan talab ortishi evaziga ushbu yo‘nalishda eksport qilish hajmini oshirgan.

O‘zbekistonda asosan ertapishar kartoshka yetishtiriladi. Ammo mamlakatda kartoshka saqlash infratuzilmasi yaxshi rivojlanmagani bois qish oylaridagi narxlar barqarorligi import mahsulotlar hisobidan ta'minlanadi.

Narxlar pasayishi mumkinmi?

Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra, 2021 yil 10 oktyabrdan 31 dekabrgacha bo‘lgan davrda go‘sht, muzlatilgan baliq va kartoshkani O‘zbekistonga olib kirish QQSdan ozod qilindi. Bu o‘z navbatida ma'lum vaqt narxlar oshishiga qisman to‘sqinlik qilishi mumkin. Ekspertlarning fikricha, bunga kartoshka yetishtirish bo‘yicha yetakchi davlatlardan biri Pokistondan yoki ayni paytda narxlar O‘zbekistondagidan 3 barobar arzon ekani aytilayotgan Polshadan kartoshka import qilish hisobiga erishish mumkin. Ammo joriy mavsumda mintaqa bo‘ylab kartoshka yetkazib berish hajmi nisbatan kamligi sabab, narxlar nisbatan yuqoriligicha qolishi ta'kidlanmoqda.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, so‘nggi 20 yillikda O‘zbekistonda kartoshka yetishtirish hajmi 4,3 barobar (731,1 ming tonnadan 3,14 million tonnaga) ko‘paygan bo‘lsa-da, narxlar yildan yilga sezilarli ravishda oshishda davom etmoqda. Buni asosan ikki omil bilan izohlash mumkin:

Birinchisi, aholining yuqori talabi. Agar aholi daromadlari miqdori oshsa, kartoshkaga bo‘lgan talab o‘rni nisbatan kaloriyasi yuqori bo‘lgan boshqa mahsulotlar bilan qoplanishi mumkin. Aholi daromadlari pastligi sabab kartoshka o‘zbek oilasi dasturxonida nondan keyingi eng ko‘p iste'mol qilinadigan qishloq xo‘jaligi mahsulotiga aylangan.

Ikkinchi omil, mamlakat ichida sifatli urug‘lik kartoshka ishlab chiqarish yetishmasligi. Iqlim sharoitini hisobga olgan holda O‘zbekistonga tashrif buyurgan xalqaro ekspertlarning aksariyati mamlakatda yuqori sifatli urug‘lik kartoshkani yetishtirish juda qiyinligi, hatto imkonsizligini ta'kidlashgan.

Ushbu muammolar hal etilmasa, O‘zbekistonda kartoshka narxlari uzoq vaqt davomida nisbatan yuqori bo‘lib qolishi ehtimoli mavjud.

Doston Ahrorov tayyorladi.

Mavzuga oid