Jahon | 09:44
620
2 daqiqa o‘qiladi

Vengriya ukrain mahsulotlari importini yana taqiqladi

Vengriya hukumati Ukrainadan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importiga qo‘yilgan taqiqni qayta tiklashini ma’lum qildi. Bu haqda mamlakatning yangi bosh vaziri Peter Madyar X ijtimoiy tarmog‘ida xabar berdi.

Foto: AFP

Ma’lum qilinishicha, mazkur cheklov avvalgi hukumat davrida 2023 yil aprel oyida joriy etilgan bo‘lib, hukumat almashinuvi paytidagi protsedur xatolik sabab 2026 yil 14 may kuni avtomatik ravishda bekor bo‘lib qolgan. Yangi hukumat bu holatni “qonunchilikdagi xato” deb atadi.

Budapesht tez orada cheklovni qayta tiklash uchun shoshilinch choralar ko‘rilganini bildirdi. Vengriya qishloq xo‘jaligi vaziri Sabolch Bonaga ko‘ra, hukumat ukrain importi mamlakat fermerlarining daromadiga tahdid solishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Taqiq taxminan 20 turdagi mahsulotlarga tatbiq etiladi. Ular qatoriga mol go‘shti, parranda go‘shti, tuxum, don mahsulotlari, un, kungaboqar va raps yog‘i kiradi. Shuningdek, yakuniy ro‘yxatga asal ham qo‘shilishi mumkin.

Yevropa Ittifoqi 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi boshlanganidan so‘ng Kiyev iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ukrain qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bojlarni bekor qilgan edi. Biroq bu qaror qo‘shni davlatlardagi fermerlar noroziligiga sabab bo‘lgan. Shundan keyin Vengriya, Polsha va Slovakiya ayrim ukrain mahsulotlariga vaqtinchalik cheklovlar joriy qilgan.

Shu bilan birga, Vengriya yangi hukumati Xalqaro jinoyat sudidan chiqish haqidagi avvalgi qarorni ham bekor qilishini ma’lum qildi. Bu qaror avvalgi hukumat tomonidan 2025 yil aprel oyida qabul qilingan edi.

Haaga shahrida joylashgan Xalqaro jinoyat sudi 2002 yildan buyon genotsid, harbiy jinoyatlar va insoniyatga qarshi jinoyatlarni tergov qilish bilan shug‘ullanib keladi. Vengriya mazkur sudning ta’sis hujjati bo‘lgan Rim statutini 1999 yilda imzolagan va ikki yildan so‘ng ratifikatsiya qilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid