12:30 / 28.10.2021
1608

Surxondaryoda arzon uylardan olib berishini aytib fuqarolarning pullarini o‘zlashtirgan ayolga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Foto: dvitex.ru

Termiz shahrida kam ta'minlangan oilalar uchun qurilayotgan arzon uylardan olib berishini aytib fuqarolarning pullarini o‘zlashtirgan ayolga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 12 oktabr kuni Termiz shahrining Bog‘zor mahallasida yashovchi, R.S. viloyat IIBga ariza bilan murojaat qilgan. U o‘z arizasida Termiz shahar Eski shahar mahallasida yashovchi R.I. shaharning Guliston mahallasida kam ta'minlangan oilalarga qurilayotgan uylardan xonadon sotib olishda yordam berishini aytib, undan 1 000 dollar pul talab qilayotganini bildirgan.

Joriy yil 13 oktabr kuni ushbu ariza yuzasidan o‘tkazilgan tadbirda, R.I. Termiz shahrida, R.S.dan talab qilgan 1 000 AQSh dollaridan 600 dollar va 2 million 130 ming so‘m pullarini olgan vaqtida ushlangan va ashyoviy dalil olingan.

Dastlabki surishtiruvlarda R.I. 4 nafar fuqarolardan jami 4 million 247 ming so‘m va 4 500 dollar olgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, 2021 yil 13 oktabr kuni R.I.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mavzuga oid
Top