Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Keles ko‘prigi ta'mirlash ishlari yakunlanguniga qadar yopiladi
Toshkent viloyatidagi Keles ko‘prigi orqali avtotransport vositalarining harakatlanishi vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
4R-4 Toshkent shahri–Keles shahri–Qozoqkensoy qishlog‘i–M39 avtomobil yo‘li (820 kilometri) Sariyog‘och qishlog‘iga shoxobcha avtomobil yo‘lida olib borilayotgan rekonstruksiya ishlari munosabati bilan Keles yo‘li hamda Yuqori Ko‘kterak ko‘chalarini bog‘lovchi yo‘l o‘tkazgichda 29 oktabr kuni tungi soat 00:00 dan ta'mirlash ishlari yakunlangunga qadar transport vositalari harakati vaqtinchalik to‘liq to‘xtatiladi (suratda qizil rangda).
Ushbu yo‘nalishda harakatlanadigan avtomototransport vositalarining harakati vaqtinchalik tumanning Hasanboy qishlog‘i hududidan o‘tgan 4N-699 avtomobil yo‘li (suratda ko‘k rangda) orqali tashkil etiladi.
«Mazkur qaror fuqarolar xavfsizligini ta'minlash va yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida qabul qilinganini inobatga olgan holda YPX inspektorlari tomonidan ko‘rsatiladigan yo‘nalishlar bo‘yicha harakatlanishga, tartib-intizom saqlab, harakatlanish xavfsizligini ta'minlashga hissa qo‘shishingizni iltimos qilamiz. Keltirilgan vaqtinchalik noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz», deyiladi xabarda.
Keles ko‘prigi ta'mirlash ishlari 2021 yilning may oyida ham yopilib, iyun oyi boshida qayta ochilgandi.