Light | 13:11 / 07.11.2021
10427
4 daqiqa o‘qiladi

Kuzgi ta'tilda bolani nima bilan band qilish mumkin?

Muhimi bola ta'tilda vaqtining asosiy qismini kompyuter yoki televizor monitori ro‘parasida o‘tkazmasligi kerak.

Foto: Kun.uz / Muhammadjon G‘aniyev

Ta'til kunlari boshlandi deguncha farzandlarini uyda band qilish, vaqtni unumli o‘tkazish ota-onalar uchun dolzarb masalaga aylanadi. Hatto sevimli multfilmlarni tomosha qilib va kompyuter o‘yinlarini o‘ynab ham bolalarda zerikish hissi paydo bo‘laveradi. Shuning uchun hordiqni oilaviy tadbirlar bilan boyitish muhim.

O‘zbekistonda maktab o‘quvchilari uchun kuzgi ta'til 4 noyabrdan 9 noyabrgacha davom etadi. Kuzgi ta'tilda vaqtni sermazmun o‘tkazish uchun nimalar bilan shug‘ullanish mumkin?

Oshpazlik maktabi uyda

Ko‘chada havo harorati past bo‘lganida uyda pishirilgan mazali taom va pishiriqlarni oila davrasida iste'mol qilishga nima yetsin? Buning uchun esa retsept topish kifoya. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga xamirni yoyish, turli shakllarni kesib olish, tayyor pechenelarni bezatish kabi yumushlarni ishonib topshirish mumkin. Uydagi oshpazlik darslarida foydali desert yoki nonushta uchun tezpishar nonushtalar tayyorlasa bo‘ladi.

Modalar namoyishi

Bolani o‘z kiyimlarini tartibga solishga o‘rgatish har doim ham oson kechmaydi. Kiyimlarni kiyib ko‘rish va modalar namoyishini o‘tkazishni taklif qilish esa ancha muvaffaqiyatli usul. Bir vaqtning o‘zida bir necha vazifani bajarish mumkin: bola turli kiyimlarni bir-biriga moslash, turli vaziyatlarga mos kiyim tanlash, kiyim kiyishda ob-havoga e'tibor berishni o‘rganadi. Kiyimlar kiyib ko‘rilgach, ularni birgalikda tartibga solasiz. Qarabsizki, bu vazifa ham o‘z-o‘zidan bajariladi.

Mustaqil o‘yinlar

Boshlang‘ich maktab yoshidagi bola uzoq vaqt davomida o‘yinchoq bilan ovora bo‘lishi uchun u yorqin va yoqimli bo‘lishi kerak. Rangli bo‘yoqlar, yaltiroq buyumlar ularni o‘ziga jalb etadi. Mustaqil o‘yinlar uchun konstruktorlar (lego, 3D pazllar, yig‘iladigan uylar va mashinalar) mos keladi. Pazllarni yig‘ish diqqatni jamlash, mantiqiy fikrlashni rivojlantirishga yordam beradi.

Ma'rifiy kanallarni tomosha qilish

Zamonaviy ilmiy-ommabop videolarda voqea-hodisalar qiziq va tushunarli tarzda namoyish etiladi. Masalan, nima uchun uxlash kerak, qanday qilib soat yasash, zebralarning to‘ni nima uchun yo‘l-yo‘l kabilar. Shunday kanallar borki, ular o‘quvchilariga u yoki bu fanlarni yaxshiroq o‘zlashtirishda yordam beradi.

Kuzgi bog‘da fotosessiya uyushtirish

Bu an'anaviy, shu bilan birga farzandingiz bilan dam olish uchun muvaffaqiyatli g‘oya. Mashg‘ulotga noan'anaviylik ham berish mumkin. Masalan, mittivoyingiz bu safar obektivning boshqa tarafida suratga olish bilan band bo‘lsin. Kuzgi hissiyotlar, xafalik, xayolparastlik, xursandchilik va xotirjamlik haqida suratlar olish mumkin.

Yuqorida keltirilgan mashg‘ulotlar farzandlar bilan vaqt o‘tkazishga misollar, xolos. Muhimi, ta'tilda vaqtning asosiy qismini kompyuter yoki televizor monitori ro‘parasida behuda o‘tkazmaslik, bolalarga ko‘proq vaqt ajratish va nimalar bilan qiziqishlarini aniqlab olishdan iborat.

Mavzuga oid