Jahon | 11:58 / 10.11.2021
29605
13 daqiqa o‘qiladi

Germaniyani ikkiga ayirgan va millatni birlashtirgan Berlin devori

1989 yil, 9 noyabr. Berlinda odamlar shaharning g‘arbiy qismiga o‘tish uchun oqib bora boshlaydi. Balandligi 6 metr bo‘lgan beton devor orasidagi o‘tkazish maskanlarida tiqilinch yuzaga keladi. Odamlar devorni qulata boshlaydi. Shu tariqa nafaqat Berlinni, balki Germaniyani ikkiga ajratib turgan beton devorning bir qismi yiqitiladi.

9 noyabr nemislar uchun muhim kunlardan biri hisoblanadi. Ushbu sana Germaniyani ikkiga ajratib turgan Berlin devori yiqitilgan kun sharafiga bayram qilinadi. Aynan shu kunda Germaniyani 30 yil davomida ikkiga ajratib turgan beton devor yiqitila boshlangan va bu hodisa Germaniyaning birlashishiga sabab bo‘lgan.

Germaniyaning bo‘lib olinishi

Ikkinchi jahon urushida Gitler boshliq fashistlar Germaniyasi yengiladi. Mamlakatni ittifoqchilar armiyasi egallaydi. Sharqiy Germaniyada SSSR, G‘arbiy Germaniyada AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiya qo‘shinlari joylashadi.

Foto: wikipedia.org

Tomonlar Germaniyada o‘zlari xohlaganday davlat qurishni xohlardi. AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiya Germaniyada kapitalistik, SSSR esa sotsialistik tuzumga asoslangan davlat bo‘lishi uchun harakat qilardi.

Bu masala 1945 yil 17 iyuldan 2 avgust sanasigacha SSSR rahbari Stalin, AQSh prezidenti Harri Trumen va Buyuk Britaniya bosh vaziri Uinston Cherchil ishtirokida Podstam shahrida o‘tkazilgan konferensiyada ham qizg‘in muhokama qilinadi. Ittifoqchilar har kim o‘zi egallagan hududda qolishi haqida kelishib olishadi. O‘tkazilgan muzokaralarda poytaxt Berlin maqomi ham belgilanadi.

Germaniyaning boshqa hududlari kabi bu yerda ham shaharning sharqiy qismi sovet armiyasi, g‘arbiy qismi ittifoqchilar armiyasi nazoratida edi. Boshqa hududlardan farqli ravishda Berlinni to‘rt tarafdan sovet qo‘shinlari egallagan hududlar o‘rab turardi. Ittifoqchilar Berlinni to‘lig‘icha sovet armiyasi nazoratiga topshirishni xohlashmaydi va kelishuvga ko‘ra shahar ikkiga bo‘linadi.

Foto:wikipedia.org

1948 yilda ittifoqchilar nazoratida bo‘lgan hududlarda Parlament kengashi tuziladi. Yangi marka muomalaga kiritiladi. O‘z navbatida SSSR ham mamlakat sharqida yangi pul birligini joriy etadi. Ana shunda Germaniya ikkiga ajralishi va Gitler Germaniyasi o‘rnida ikkita davlat tuzilishi oydinlashib qoladi.

1949 yil 23 may kuni ittifoqchilar nazoratida bo‘lgan hududlarda Germaniya Federativ Respublikasi, o‘sha yil 7 oktyabr kuni SSSR nazoratidagi hududda Germaniya demokratik respublikasi tuzilgani e’lon qilinadi. Shuningdek, Berlin ham ikkiga bo‘linadi. Uning sharqiy qismi GDRning poytaxti sifatida qoladi. G‘arbiy qismi esa GFR nazoratiga o‘tadi va G‘arbiy Berlin deb ataladi.

Vaziyatning keskinlashishi

Germaniya va Berlin ikkiga bo‘lingan ilk yillarda chegaralar ochiq edi. Berlin va G‘arbiy Berlinni shahar o‘rtasidan tortilgan 44,8 kilometr uzunlikdagi chegara liniyasi ajratib turardi. G‘arbiy Berlinning GDR bilan umumiy chegarasi esa 164 kilometrni tashkil etardi. Chegaralar simto‘siq bilan o‘ralib, ma’lum joylarda o‘tkazish maskanlari tashkil etiladi. Berlin va G‘arbiy Berlin o‘rtasidagi chegara ko‘chalar, kanallar, metro va tramvay liniyalari, hatto uylar bo‘ylab o‘tardi.

Foto: stock.adobe.com

GDR va Berlin hamda G‘arbiy Berlin orasida 81 ta chegara o‘tkazish maskanlari ko‘chalar bo‘ylab, 13 tasi metro va temir yo‘llarda joylashgan edi. O‘shanda har ikki mamlakat bir-birini tan olmas, o‘zaro diplomatik aloqalar yo‘q edi. Shunday bo‘lsa ham odamlar chegaralardan erkin o‘tib qaytardi. Ana shu paytdan boshlab sotsialistik tuzumda yashashni xohlamagan odamlar GFRga ko‘chib o‘ta boshlaydi.

Bu ikki davlat tuzilganidan so‘ng GDR boshqa sotsialistik mamlakatlar kabi qattiqqo‘llik bilan boshqariladi. Ma’muriy buyruqbozlikka asoslangan sanoat va qishloq xo‘jaligi oqsay boshlaydi. GFR esa bozor iqtisodiyotiga asoslangan erkin boshqaruv tizimi bilan 1950-yillarning oxiriga borib qo‘shnilardan yaqqol oldinga o‘tib ketadi. Natijada har ikki mamlakatda mehnatga haq to‘lashda katta farq yuzaga keladi. GDRdan G‘arbiy Berlin orqali GFRga ko‘chib ketuvchilar soni ortadi. Buning ustiga har ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar eng yomon ko‘rinishga keladi.

1957 yilda GFR kansleri Konrad Adenauer yangi doktrina e’lon qiladi. «Xalshteyn doktrinasi» deb nomlangan mazkur hujjatga ko‘ra, GFR GDRni tan olgan davlatlar bilan barcha aloqalarni uzishi belgilanadi. Bunga javoban SSSR rahbariyati (o‘shanda SSSR rahbari Nikita Xrushyov edi) G‘arb davlatlarini 1945 yilda qabul qilingan Podstam kelishuvini buzganlikda ayblaydi. So‘ng, SSSR Berlin bo‘yicha qabul qilingan maxsus maqomga rioya qilishni to‘xtatganini e’lon qiladi.

Bundan tashqari, SSSR G‘arbiy Berlinni GDRga qaytarishni talab qilib AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiyaga olti oylik ultimatum qo‘yadi. (U tarixda «Berlin ultimatumi» nomi bilan mashhur) Ular bu ultimatumni e’tiborsiz qoldirishadi. SSSR rahbariyati G‘arb davlatlariga bosim o‘tkazishning boshqa yo‘llarini izlaydi va eng avval G‘arbiy Berlinni qamal qiladi.

1960 yil avgust oyining boshlarida GDR hukumati SSSR bosimi ostida o‘z fuqarolari GFRga o‘tishini taqiqlaydi. O‘sha yili 11 avgust kuni Berlin va G‘arbiy Berlin o‘rtasida beton devor qurish haqida qaror qabul qilinadi va 13 avgust kuni ishlar boshlanadi.

Bunga javoban GFR hukumati GDR bilan tuzilgan ikki tomonlama savdo kelishuvlarini bekor qiladi.

Berlin devorining qurilishi

Chegaralar ochiqligida Berlindan G‘arbiy Berlinga har kuni yarim million odam o‘tardi va ularning ma’lum bir qismi ortga qaytmasdi. Jumladan, 1949–1961 yillarda GDRdan GFRga 2,7 million odam ko‘chib o‘tadi. Ularning aksariyati yoshlar edi. Birgina 1960 yilda GDRdan GFRga 200 mingdan oshiq odam ko‘chib o‘tadi. GDR hukumati o‘z fuqarolarining GFRga ko‘chib o‘tishiga chek qo‘yish maqsadida chegaralarni beton devor bilan o‘rab olishni rejalashtiradi.

1961 yil 5 avgust kuni sotsialistik davlatlar rahbarlari yig‘ilishida, 7 avgustda Germaniya kommunistik partiyasi siyosiy byurosining yig‘ilishida GDRning GFR va G‘arbiy Berlin bilan chegaralarini yopish taklifi ma’qullanadi. 12 avgustda GDR hukumati bu haqda qaror qabul qiladi. GDR aholisiga GFRga o‘tish taqiqlab qo‘yiladi.

1963 yil 13 avgust kuni G‘arbiy Berlin chegarasini 25 ming nafar askardan iborat SSSR harbiylari o‘rab oladi. G‘arbiy Berlinni beton devor bilan o‘rash ishlari boshlanadi.

Foto: www.culture.ru

Devorning balandligi 6 metr bo‘lib, u beton bloklaridan quriladi. Devor o‘n kunda qurib bitkaziladi va uning umumiy uzunligi 164 kilometrni tashkil etadi.

Devor bitgandan so‘ng odamlar uning tepasidan oshib o‘tmasligi uchun harbiylar qo‘riqlay boshlaydi. Devor bo‘ylab unga yaqinlashgan odam otib tashlanishi haqidagi ogohlantirish yozuvlari ilinadi. Shunday bo‘lsa ham odamlar qochib o‘tishning uddasidan chiqishadi.

Farovon hayot sari qochish

Berlin devoridan ilk bor uni qo‘riqlayotgan harbiylar va devorni qurayotgan ishchilar qochib o‘tishadi. Jumladan, 1961 yil 15 avgustda 19 yoshli chegarachi Konrad Shumann beton bloklar ustidan G‘arbiy Berlin tomonga sakraydi va Berlin devoridan oshib o‘tgan birinchi qochoq sifatida tarixda qoladi. 17 avgust kuni 18 yoshli quruvchi Peter Fexter devordan oshib o‘tayotganda otib tashlanadi. U halok bo‘lgan ilk qochoq edi.

Foto: soha.vn

Devorning bir qismi g‘isht va toshlardan quriladi. Odamlar tosh va g‘ishtlarni buzavergach, 1975 yilda devorning qolgan qismi ham 3,6 x 1,5 o‘lchamdagi beton bloklardan qayta tiklanadi. O‘shanda G‘arbiy Berlin o‘rab chiqilgan 164 kilometrli uzunlikdagi devorga 45 mingta beton blok ishlatiladi.

Berlin devorining balandligi va uning qo‘riqlanishi ham sharqdagi nemislarni hayot birmuncha farovon bo‘lgan GFRga qochib o‘tishdan to‘xtata olmaydi. Odamlar GDRdan qochib ketish uchun turli usullardan foydalanishadi. Ular GFRga o‘tish uchun baland devordan ham oshadi, metall panjaralarni kesadi, devor ostidan lahm kavlaydi, kanalizatsiya quvurlaridan foydalanadi. Hatto havo shari va deltaplandan foydalanib qochishga uringanlar ham bo‘lgan. Shu tariqa odamlar 30 yil davomida to‘xtovsiz GFRga qochib o‘tadi.

Turli ma’lumotlarda Berlin devoridan qochib o‘tishda halok bo‘lganlar soni turlicha ko‘rsatiladi. Bir manbada ularning soni ming nafardan oshiq deyilsa, yana bir manbada 645 nafar ekani aytiladi. 2006 yilda ularning soni 125 nafar bo‘lgani ma’lum qilinadi. SSSR ma’lumotlarida esa GFRga qochib o‘tishga uringanlardan 192 nafari o‘ldirilgani, 200 dan oshiq odam yarador bo‘lgani va 3 ming nafardan oshiqroq odam qo‘lga olingani aytiladi.

Foto: Redhistoricalphotos.com

Sovuq urush davrida GDR hukumati GFRga ko‘chib ketmoqchi bo‘lganlarni pul evaziga qo‘yib yuborishni joriy qiladi. Bu ishda GDRlik taniqli advokat Volfang Fogel vositachilik qiladi. Uning yordami bilan 1964 yildan 1989 yilgacha 215 ming GDR fuqarosi, shuningdek 34 ming siyosiy mahbuslar pul evaziga GFRga o‘tadi. Bu GDR g‘aznasini 2,7 milliard dollarga boyitadi.

Devorning qulatilishi

1985 yilda SSSR rahbarligiga Mixail Gorbachyov kelgach mamlakatda turli islohotlar o‘tkaza boshlaydi. Afg‘onistondan sovet qo‘shinlarini olib chiqish, diniy va milliy masalalarda erkinlik berish shular jumlasidan. SSSRdagi bu o‘zgarishlar sotsialistik lagerga kiruvchi mamlakatlarda, jumladan GDRda ham boshlanadi. Ma’muriy buyruqbozlikka asoslangan boshqaruv tizimi, so‘z erkinligining bo‘g‘ib qo‘yilishi, GFR bilan aloqalarning yomonligi, turmush darajasining pastligi sharqdagi nemislarning tinkasini quritgan edi. Ular 30 yillik taqiq bekor qilinib Berlin devori yiqitilishini xohlardi.

1989 yil 4 noyabr kuni Berlin aholisi ommaviy namoyishga chiqadi. Ular hukumatdan so‘z erkinligi, shuningdek, GFR bilan chegaralarni ochish, turli yig‘inlar o‘tkazish uchun ruxsat berish kabi talablarni ilgari surishadi.

Foto: pinterest.com

1989 yil 9 noyabr kuni GDR hukumati vakili Gyunter Shabovski bu mamlakatdan GFRga va Berlindan G‘arbiy Berlinga odamlar erkin borib kelishiga ruxsat beruvchi yangi qarorni o‘qib eshittiradi. Uning chiqishi mamlakat televideniyesi orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga uzatiladi. Odamlar ko‘chalarga chiqadi va Berlin devorini yiqitib G‘arbiy Berlinga o‘ta boshlaydi. O‘shanda 9-11 noyabr kunlari, uch kunda 2 million odam G‘arbiy Berlinga o‘tib qaytadi.

Foto: www.buzzfeed.com

GDR fuqarolariga GFRga o‘tishga ruxsat berilgandan so‘ng Berlin devori ham o‘z ahamiyatini yo‘qotadi. 1990 yil yanvar oyida GDR hukumati Berlin devorini ommaviy ravishda yiqitishga kirishadi va u qisqa muddatda yiqitiladi. Devorning ozroq qismi Germaniya va nemis millatini ikkiga ajratgan kunlardan yodgorlik sifatida asrab qolinadi.

1990 yil 3 oktabr kuni GDR va GFR yagona Germaniyaga birlashadi. Oradan ko‘p o‘tmay poytaxt Bonn shahridan Berlinga ko‘chiriladi. Berlin devorining saqlanib qolgan qismi tarixiy obekt sifatida davlat muhofazasiga olinadi. Endilikda har yili uni tomosha qilish uchun Germaniyaga millionlab xorijiy sayyohlar keladi.

Foto: dreamstime.com

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi 

Mavzuga oid