Germaniyada parlament saylovlari. Konservativlar birinchi o‘rinni egalladi
O‘ta o‘ng «Germaniya uchun muqobil» tarixiy natija bilan ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi, ammo hukmron koalitsiyaga kira olmaydi.

Foto: Martin Meissner / AP / Scanpix / LETA
Germaniyada o‘tkazilgan 2025 yilgi parlament saylovlarida Xristian-demokratik ittifoqi / Xristian-sotsial ittifoq (XDI/XSI) konservativ bloki 28,5 foiz ovoz bilan birinchi o‘rinni egalladi.
Saylovchilar rekord darajadagi — 83,5 foizlik davomat qayd etishgan, bu 1990 yildan beri eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
Ikkinchi o‘rinni 20,8 foiz ovoz bilan «Germaniya uchun muqobil» (AfD), uchinchi o‘rinni 16,4 foiz natija bilan amaldagi kansler Olaf Sholsning Sotsial-demokratik partiyasi (SDP) egalladi.
Shuningdek, «Yashillar» (11,6 foiz) hamda So‘l partiya (8,7 foiz) keyingi o‘rinlarni band etdi. 2023 yilda tashkil etilgan «Sara Vagenknext ittifoqi» partiyasi 4,9 foiz ovoz to‘plab, parlamentga kirish uchun besh foizlik to‘siqdan o‘ta olmadi.
Koalitsiyadan chiqishi navbatdan tashqari saylovlarga turtki bo‘lgan neoliberal Erkin demokratik partiya (EDP) ham katta yo‘qotishlarga uchradi. Kristian Lindner boshchiligidagi liberal partiya 5 foizlik chegaradan o‘ta olmagani tufayli Bundestagga kirmaydigan bo‘ldi. 23 fevral kuni kechqurun Lindner siyosatdan ketganini e’lon qildi.
Deutsche Welle ma’lumotiga ko‘ra, 2013 yilda asos solingan «Germaniya uchun muqobil» o‘z natijasini oldingi saylovdagiga qaraganda deyarli ikki baravarga yaxshilagan. Ushbu partiya sharqiy federal yerlarda (sobiq GDR) eng ko‘p ovoz to‘plagan, bu mintaqada yirik shaharlardan tashqari deyarli hamma joyda yetakchilikni qo‘lga kirigan. Berlinda ovoz berish natijalariga ko‘ra, kutilmaganda «So‘llar» 19,9 foiz ovoz bilan birinchi o‘rinni egalladi, XDI/XSI esa 18,3 foiz ovoz bilan ikkinchi o‘rinda qoldi.
Amaldagi kansler Olaf Shols boshchiligidagi Sotsial-demokratlar (SDP) nafaqat federal saylovlardagi eng yomon natijasini qayd etdi, balki avvalgi saylovlarga nisbatan eng ko‘p ovoz yo‘qotdi.
XDI/XSI parlamentda 208 o‘rinni, «Germaniya uchun muqobil» — 152 o‘rin, sotsialistlar — 120 o‘rin, «Yashillar» — 85 o‘rin, «So‘llar» — 64 o‘rinni band qildi.
Germaniyaning yangi kansleri katta ehtimol bilan Fridrix Mers bo‘ladi — va bundestagda ko‘pchilik 316 o‘ringa ega bo‘lish uchun u koalitsiya tuzishi talab etiladi. Ammo ikkinchi o‘rinni egallagan o‘ta o‘nglar unga kirishi dargumon. Mersning o‘zi u bilan hamkorlik qilishdan bosh tortdi va uning bloki «Putinning tizzasida erkinlik va tinchlik izlamasligi»ni aytdi. Bundan tashqari, hozirgacha Germaniyada «brandmauer» deb ataladigan prinsip mavjud, unga ko‘ra parlament partiyalari o‘ng populistlar bilan hamkorlik qilish yoki koalitsiyaga qo‘shilishni istisno qilishadi.
Mersning aytishicha, saylovlar natijasi hukumat tuzishni «kutilganidan ham qiyinlashtiradi». Shu bilan birga, agar bundestagdagi XDI/XSI blokiga uchinchi o‘rinni egallagan Sotsial-demokratlar qo‘shilsa («katta koalitsiya» deb ataladigan) «Germaniya uchun muqobil» katta ehtimol bilan parlamentdagi eng yirik muxolifat partiyasiga aylanadi. Mers 20 aprelda nishonlanadigan Pasxa bayramidan oldin hukumat tuzishga va’da berdi. «Men butun Germaniya aholisini ifoda etadigan va mamlakatimiz muammolarini hal qiladigan federal hukumatni shakllantirishga harakat qilaman», — deb yozdi konservativ blok yetakchisi.
Mavzuga oid

23:28 / 08.03.2025
Germaniyada Mers va Shols partiyalari koalitsiya tuzish bo‘yicha kelishuvga erishdi

21:16 / 05.03.2025
Yevropaga o‘z mustaqil mudofaa tizimini qurish uchun kamida 10 yil kerak - The Economist

21:04 / 05.03.2025
Merkelning azaliy raqibi. Shols o‘rniga Germaniya kansleri bo‘ladigan Fridrix Mers haqida nimalar ma’lum?

22:48 / 03.03.2025