O‘zbekiston | 11:19 / 22.11.2021
12356
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda koronavirusga qarshi qo‘shimcha doza bilan emlashga ruxsat berildi

O‘zbekistonda ixtiyoriy ravishda buster doza bilan emlanishga ruxsat berildi. Buster dozani to‘liq vaksina kursini olganiga 6 oy va undan ortiq vaqt o‘tgan aholi vakillari olishi mumkin.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonda to‘liq emlash kursini tamomlagan fuqarolarga koronavirusga qarshi ixtiyoriy buster doza bilan emlashga ruxsat berilgani haqida xabar qildi.

«Ma'lumki, yurtimizda koronavirusga qarshi kurashish maqsadida joriy yilning 1 aprelidan boshlab emlash tadbirlari amalga oshirilmoqda. 

Xususan, hozirgi kunga qadar 6 turdagi 42 mln 805 ming doza vaksina keltirildi. Shuningdek, yil oxiriga qadar 5,6 mln doza vaksina keltirilishi kutilmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi ko‘rsatma xatiga muvofiq, respublika aholisi o‘rtasida koronavirus infeksiyasiga qarshi immunitetni oshirish maqsadida 2021 yil 17 noyabr kunidan boshlab to‘liq vaksina kursini olgan fuqarolar (2 yoki 3 marta emlanganlar) buster doza bilan ixtiyoriy emlanadi», deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.

Buster doza nima?

  • Buster doza — to‘liq emlangan fuqarolarning kasallikka qarshi immunitetini mustahkamlash maqsadida yana qaytadan oladigan vaksina dozalaridir.

U bilan emlash qanday amalga oshiriladi?

  • Buster doza bilan to‘liq vaksina kursini olganiga 6 oy va undan ortiq vaqt o‘tgan aholi vakillari emlanishi mumkin.

Buster doza turi avval olingan vaksina bilan bir xil bo‘lishi kerakmi?

  • Emlash punktida buster dozani vaksinaning har qanday turidan foydalangan holda olish mumkin.

Uni qayerdan olish mumkin?

  • Buster doza olmoqchi bo‘lgan aholi respublikaning barcha davolash-profilaktika muassasalarining emlash punktlarida emlanishi mumkin. 

Mavzuga oid