O‘zbekiston | 15:20 / 06.12.2021
41925
5 daqiqa o‘qiladi

Abgor manzillar: G‘afur G‘ulom bog‘ining TTZdagi shoxobchasi

Mirzo Ulug‘bek tumanidagi kam sonli bog‘lardan biri bugun abgor ahvolda. Vaholanki, bu yerlar bor-yo‘g‘i ikki yil oldin aholining sevimli maskani edi. “Abgor manzillar” ko‘rsatuvi bu gal G‘afur G‘ulom bog‘ining shoxobchasidagi holat haqida hikoya qiladi.

E’tibor berdingizmi, oxirgi paytlarda OAVda ekologiya, 200 million daraxt, yashil makon, 8 foizdan 30 foizga, chang-g‘ubor, suv tanqisligi, yerosti suvlari, karerlar kabi so‘zlar ancha urchidi. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilishga doir yaxshi tashabbuslar ilgari surildi, o‘qib kishi xursand bo‘ladi-ya! Ammo bilasizmi, xursand bo‘lishga arzigulik ishlar qilinmadi hali. Xafa bo‘lishga, dod solishga arzigulik ishlar esa keragidan ortiq.

Yangi yashil hududlar yaratish, daraxtlar ekish va suvni asrash zarurligi haqida gapirilayotgani yaxshi albatta, lekin undan ham oldin mavjud yashillikni asrab qolish haqida bosh qotirish to‘g‘riroq emasmi?

Aftidan ayrim rahbarlar “Yashil makon” umummilliy loyihasini pul qilishning yangi sxemasi, deb o‘ylashyapti chog‘i. Axir yiliga 200 million tup ko‘chat, ularni sug‘orish va yangi bog‘lar barpo etish xarajatlari hazilakam pul bo‘lmaydi. Biroq yangisini qurishdan avval eskisini asrash, borini avaylash haqida ham o‘ylab ko‘ramizmi?

“Abgor manzillar” ko‘rsatuvining ilk sonida hududining katta qismi yopiq qarorlar bilan bo‘laklarga bo‘lib, sotib yuborilgan Abdulla Qodiriy nomidagi bog‘ haqida qayg‘urgandik. Ekologiya qo‘mitasi bog‘dagi ahvolni o‘nglash bo‘yicha davomli choralar ko‘rishini ma’lum qilgan.

“Abgor manzillar”ning bu soni yana bir bog‘ haqida. Poytaxtning TTZ mavzesida joylashgan G‘afur G‘ulom nomidagi bog‘ning shoxobchasi bo‘lmish mo‘’jaz bog‘ ko‘rsatuvimiz nomidagi so‘zdek bo‘lib yotibdi. 1 gektarga yaqin yashil hudud 2019 yildan keyin qarovsiz qolib ketgan. E’tibor bering, o‘z-o‘zidan shu holga kelmagan, aksincha, kimningdir buyrug‘i bilan bog‘ salkam buzib tashlangan. Kalavaning uchi yana shahar hokimligiga borib taqalyapti.

Avvaliga Madaniyat vazirligiga tegishli hudud, deb bilganimiz holat surishtiruvlardan keyin Toshkent shahar hokimligi balansida ekani va “Yagona buyurtmachi” injiniring kompaniyasi tomonidan bu yerda nimalardir qurilishi belgilangan bo‘lishi mumkinligi haqidagi ma’lumotlar bilan to‘ldirildi. Shahar hokimligi mas’uli bu boradagi savollarimizni rasmiy xat sifatida yo‘llashimiz kerakligini bildirdi. Biz hokimlikning xatimizga javobini tez orada saytimizda e’lon qilamiz, degan umiddamiz.

Ko‘rsatuv davomida ekologiya inspektori, mahalla raisi, tuman Obodonlashtirish boshqarmasi vakili o‘z xulosalarini berishdi, tayin-notayin vajlar keltirishdi, qilingan ishlar haqida gapirishdi. Aholi vakillari esa ushbu so‘lim bog‘ni haqiqiy egalari bo‘lmish xalqqa – o‘zlariga qaytarib berishlarini so‘rashdi. Bog‘da qurilish va obodonlashtirish ishlarini boshlab qo‘ygan pudratchi tashkilot prorabi esa to‘satdan yuqoridan kelgan buyruq bilan ishlar to‘xtatilgani, ularni aro yo‘lda tashlab qo‘yishganini aytib berdi. Ishlarni to‘xtatishga kim buyruq bergan, nima uchun, bizga qorong‘i.

So‘nggi paytlarda hokimlikka OAV tomonidan yashil hududlar va shahar ekologiyasi bo‘yicha ko‘pdan ko‘p savollar berilmoqda, biroq hokimlik ko‘plab holatlarda shunchaki sukut saqlamoqda.

“Abgor manzillar” o‘z yo‘lida davom etadi – biz suratga olgan biror hududni shunday tashlab qo‘ymaymiz, bil’aks, taqdiri bilan oxirigacha qiziqamiz. Ko‘rsatuvni tomosha qilibgina qolmay, uning ostidagi izohlarda biz borishimiz lozim bo‘lgan abgor manzillar haqida yozib qoldiring. Biz imkon qadar ularni yoritamiz.

Bobur Akmalov,
Kun.uz muxbiri

Tasvirchilar:
Azimjon Vohidov,
Abduqodir To‘lqinov

Montaj ustasi:
Azimjon Vohidov

Mavzuga oid