Jamiyat | 20:00 / 10.12.2021
5995
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent yoshlar forumiga mezbonlik qiladi

2021 yilning 20-21 dekabr kunlari Congress Hall binosida Poytaxt hokimligi tashkilotchiligida Toshkent yoshlar forumi-2021 bo‘lib o‘tadi.

Foto: Toshkent yoshlar forumi-2021 direksiyasi

Forumda yoshlar bilan vazirlik hamda idoralar rahbarlari, hukumat vakillari, olimlar, ekspertlar, san'at, madaniyat va sport namoyondalari, mediamakon vakillari uchrashadi.

Tadbirning birinchi kunida vazirlar bilan ochiq muloqotlar tashkil qilinib, unda yigit-qizlar ularga zamonaviy ta'lim, IT-texnologiyalar, sog‘liqni saqlash, moliyaviy savodxonlikni oshirish, biznes va boshqa yo‘nalishlarga oid takliflarini berib taqdimotlarini ko‘rsatishlari mumkin bo‘ladi. Ishtirokchilar ayni paytda dolzarb bo‘lgan O‘zbekistondagi gender tenglik bilan bog‘liq vaziyatni inflyuenserlar bilan muhokama qilish, shuningdek, ekspertlar va tadbirkorlardan master-klasslarda qatnashish, yozuvchilar, olimpiya chempionlari hamda sport va kino yulduzlari bilan uchrashish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Ikkinchi kuni ishtirokchilarni gender tenglik haqidagi muloqotning davomi, shuningdek, tarmoq vazirlik va idoralar rahbarlari bilan zamonaviy yoshlar uchun muhim moliyaviy mustaqillik va haqqoniylik, milliy turizmni rivojlantirish, ta'lim sohasidagi istiqbollar kabi mavzularda qiziqarli munozaralar kutadi. Forum doirasida tashkilotchilar xorijda ta'lim olish uchun grantlar ajratish dasturini ishga tushirish haqida e'lon qilib, qiziqarli tanlovlar o‘tkazishadi hamda «Toshkent yoshlarni sevadi» oyligi doirasida o‘tkazilgan tadbirlar g‘oliblarini taqdirlashadi. Shuningdek, Toshkent shahar hokimi stipendiyasini o‘quvchi yoshlarga topshirish marosimi bo‘lib o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, Prezident tashabbusiga ko‘ra Toshkent shahar hokimligi tomonidan tashkillashtirilgan ushbu yirik tadbir ilk marotaba 2020 yilda o‘tkazilgandi va unda 10 000 nafardan ortiq yoshlar ishtirok etgandi.

Tadbirda qatnashish uchun quyidagi Telegram-bot orqali ro‘yxatdan o‘tish mumkin: t.me/toshkent21bot

Toshkent yoshlar forumi-2021 direksiyasi matbuot xizmati Ⓣ

Жамшид Рузибаев
Tayyorlagan Жамшид Рузибаев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid