Jamiyat | 17:00 / 20.12.2021
8046
4 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekiston yoshlari forumi – 2021”ga start berildi

Forum yakunlari bo‘yicha hukumat qarori qabul qilinishi kutilmoqda.

Foto: “O‘zbekiston yoshlari forumi” media shtabi

18 dekabr kuni “O‘zbekiston yoshlari forumi – 2021” haftaligiga start berildi. Forumning dastlabki kunida bir qancha tadbirlar, taqdirlash va ochilish marosimlari o‘tkazildi.

Toshkent shahridagi Innovatsion o‘quv va ishlab chiqarish texnoparkida “O‘zbekiston uchun 100 g‘oya” tanlovining yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda turli yo‘nalishlarga oid jami 245 ta loyiha taqdimot qilinib, ular ichidan eng ilg‘or 100 ta g‘oya saralab olindi. Loyihasi ma’qullangan yoshlar o‘z g‘oyalarini real hayotga tatbiq etish imkoniyatini qo‘lga kiritishdi.

Foto: “O‘zbekiston yoshlari forumi” media shtabi

Yoshlar ijod saroyida “Qizlar ovozi” maktabining uchinchi mavsumida ishtirok etgan 8 ta jamoaning final loyihalar taqdimoti ham namoyish qilindi. Mustaqil ekspertlar tomonidan g‘oliblar aniqlandi va klubning bir yillik faoliyati uchun yangi koordinatorlar saylandi.

Eng muhimi, mazkur forum chet eldagi o‘zbekistonlik faol yoshlarni ham qamrab olmoqda. Haftalik doirasida jami 6 ta xorijiy davlatda bir qator tadbir va loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, forumning dastlabki kunida Janubiy Koreya, Turkiya va Buyuk Britaniya mamlakatlarida tahsil olayotgan yoki faoliyat yuritayotgan vatandosh yoshlarimiz uchun uchrashuvlar tashkil etildi.

Seul shahridagi tadbirda bo‘lajak magistr va doktorlar texnologiya sohasidagi o‘z ilmiy ishlarini taqdimot qilishgan bo‘lsa, Istanbuldagi forumda “Turkiya yoshlar anjumani” o‘tkazilib, yoshlarning “Uchinchi renessans”, “New Media” kabi yo‘nalishlardagi g‘oyalari o‘rganildi. London shahrida esa “O‘zbekiston yoshlari forumi – Buyuk Britaniya” konferensiyasi bo‘lib, unda turli mavzudagi muzokaralar, davra suhbatlari, motivatsion uchrashuvlar, “Zakovat” intellektual o‘yini, viktorinalar va boshqa tadbirlar o‘tkazildi.

Foto: “O‘zbekiston yoshlari forumi” media shtabi

Kunning so‘nggi qismida forumning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev so‘zga chiqib, yoshlarforumi.uz platformasi orqali yuborilgan jami 8 mingga yaqin taklifdan saralab olingan eng ilg‘or 200 ta tashabbus muallifiga o‘z g‘oyalarini amalga oshirishlari uchun moliyaviy ko‘mak berilishini alohida ta’kidlab o‘tdi va barcha yoshlarga omad tiladi.

19 dekabr kuni Yoshlar ijod saroyida “O‘zbekiston yoshlari forumi–2021” forumi doirasida “Design Club Uzbekistan”, Marketing.uz, “YouTube O‘zbekiston” kabi loyihalar bo‘lib o‘tdi. Unda soha mutaxassislari o‘zlarining tajribalarini yoshlar bilan bo‘lishdilar.

Foto: “O‘zbekiston yoshlari forumi” media shtabi

Shuningdek, 19 dekabr kuni Toshkent shahridagi “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasida zamonaviy harbiy texnika, qurol-aslahalar, robototexnika namunalari va har xil turdagi o‘quv parashyutlari jamlanmasining namoyishi bo‘lib o‘tdi.

Forum media shtabining ma’lum qilishicha, hafta davomida forum doirasida yoshlar uchun ko‘plab maxsus loyiha va tadbirlar bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Tadbirlar dasturi bilan t.me/yoshlarforumi telegram kanali orqali ma’lumotlar berib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev avvalroq forum yakunlari bo‘yicha hukumat qarori qabul qilinishi kutilayotganini bildirgan.

“O‘zbekiston yoshlari forumi” media shtabi Ⓣ

Mavzuga oid