O‘zbekiston | 17:17 / 17.12.2021
5649
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi parlamenti spikeri bilan uchrashdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 dekabr kuni Seul shahrida Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi spikeri Pak Byon Sok bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Suhbatda O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlari har tomonlama rivojlanib borayotgani, prezidentning ushbu davlat tashrifi ularga yangi kuchli sur’at bag‘ishlagani mamnuniyat bilan ta’kidlandi. Turli darajalarda, shu jumladan parlamentlararo hamkorlik yo‘nalishida samarali siyosiy muloqot va aloqalar faol davom ettirilmoqda.

O‘zbekiston-Koreya munosabatlarini mustahkamlashda parlamentlararo “do‘stlik guruhlari” muhim o‘rin tutadi. Joriy yil iyun oyida ularning onlayn uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Davlat boshqaruvini isloh qilish, fuqarolik jamiyati, gender masalalari, ta’lim va hududlarni rivojlantirishga doir qonun ijodkorligi masalalarida tajriba almashilmoqda.

Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni yanada faollashtirish yuzasidan batafsil fikr almashildi.

Milliy Assambleya Spikeri Koreya tajriba almashishni kengaytirishga, jumladan, O‘zbekistonda elektron parlament mexanizmlarini joriy qilishga ko‘maklashishga tayyor ekanini bildirdi.

Koreya parlamenti vakillari kelgusi yilda Toshkent shahrida o‘tkaziladigan Jahon mamlakatlari parlamentlarining ayol spikerlari sammitida ishtirok etishini tasdiqladi.

Shuningdek, qo‘shma dastur va loyihalarni ilgari surishning yangi institutsional mexanizmlarini joriy qilish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.

Tomonlar “Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo” hamkorlik forumi doirasidagi yaqin muloqotni davom ettirishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.

Pak Byon Sok 2022 yilda tarixiy sanalar – diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi va koreys diasporasi O‘zbekistonda istiqomat qilishining 85 yilligini keng nishonlash bo‘yicha tadbirlar xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosi ustidan samarali parlament nazoratini ta’minlash muhim ekani qayd etildi. Ikki mamlakat parlamentlari vakillari bu borada bor kuch va imkoniyatlarini ishga solishlarini ta’kidladilar.

Mavzuga oid