O‘zbekiston | 16:14 / 20.12.2021
6853
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda yoshlar forumi boshlandi

Bu safar forum xalqaro tadbirga aylanmoqda, dedi Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev. Forumda yoshlar vazirlar va muvaffaqiyatli tengdoshlari bilan uchrashadi.

20 dekabr kuni Toshkent yoshlar forumining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Forum – o‘tgan yili ilk bor o‘tkazilgan Toshkent yoshlar forumining davomi sifatida tashkil etildi. Ochilish marosimida so‘zga chiqqan Jahongir Ortiqxo‘jayev yoshlar forumi an’anaga aylanganini aytdi.

“Bu xalqaro tadbirga aylanmoqda deyishim mumkin. Forumda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan chet el elchilari va vakolatxonalarining vakillari ishtirok etmoqda. Bundan tashqari, qo‘shni davlatlardan yoshlar vakillari tashrif buyurgan. Ikki kun davomida o‘tkaziladigan forum doirasida siz yoshlar davlat boshqaruvi organlarining rahbarlari, yuqori natijalarga erishgan tadbirkorlar, elchilar va xorijlik yoshlar bilan ochiq muloqotlarda qatnashish imkoniyatiga ega bo‘lasiz”, – dedi shahar hokimi.

Ma’lum qilinishicha, joriy yil 15 mingga yaqin yoshlar forumda ishtirok etish xohishini bildirgan.

O‘tgan yilgi forumda esa 10 ming yosh ro‘yxatdan o‘tgandi.

Shuningdek, Jahongir Ortiqxo‘jayev jurnalistlar bilan uchrashuvda forumga ajratilgan pullar tadbirlar yakunlangach e’lon qilinishini bildirdi. 2020 yilda Toshkent yoshlar forumiga mahalliy budjetdan 2 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ ajratilgandi. Bu umumiy xarajatlarning 30 foizini tashkil qilishi, qolgani homiylar ko‘magida amalga oshirilgani aytilgandi.

Mavzuga oid