O‘zbekiston | 12:25 / 25.12.2021
25723
2 daqiqa o‘qiladi

Yo‘l harakati qoidalarining 2ta bandiga o‘zgartirish kiritiladi

Kiritilayotgan qoidaga ko‘ra, yuk avtomobillari faqat chapga burilish yoki qayrilib olish uchun chetki chap bo‘lakka o‘tishi mumkin, boshqa hollarda yuk mashinalariga yo‘lning chetki chap bo‘lagida harakatlanish taqiqlanadi.

Foto: Kun.uz

Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 24 dekabrdagi 370-son qarori bilan tasdiqlangan Yo‘l harakati qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Bu haqda IIV YHXBB boshlig‘i Olim Saidov yuk tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar jamoatchilik muhokamasidan o‘tgan.

“Yo‘l harakati qoidalarining 67-moddasida (amaldagi): “1 yo‘nalishdagi 3 va undan ortiq bo‘lakli har qanday yo‘lda chetki chap bo‘lakli harakat serqatnovligi sababli boshqa bo‘laklar band bo‘lgan hollarda, shuningdek, quvib o‘tish, chapga burilish yoki qayrilib olish, ruxsat etilgan to‘la vazni 3,5 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillariga esa faqat chapga burilish yoki qayrilib olish uchun egallashga ruxsat etiladi”, — deyilgan.

Yangi tahrirdagi qoidalarda mazkur bandga 2-qism kiritilyapti. Unga ko‘ra: “Shuningdek, yuk avtomobillariga faqat chapga burilish yoki qayrilib olish uchun chetki chap bo‘lakni egallashga ruxsat etiladi. Boshqa hollarda yuk avtomobillariga yo‘lning chetki chap bo‘lagiga harakatlanish taqiqlanadi”, — dedi polkovnik.

Shu bilan birga, yo‘l harakati qoidalarining 121-bandi to‘ldiriladi. Bu bandga “yuk avtomobillari yo‘lning chetki chap bo‘lagida harakatlanadi. Boshqa hech qanday alternativ yo‘q. Faqatgina chapga burilish yoki qayrilib olish uchun ruxsat etiladi”, — degan qo‘shimcha kiritilyapti.

Aytilishicha, mazkur moddaning eski tahririda 3,5 tonnadan oshiq yuk avtomobillari deyilgani ko‘p savol va tortishuvlarga sabab bo‘lmoqda. Mazkur o‘zgartirish e’tirozlarga barham beradi.

Исломбек Умаралиев
Tayyorlagan Исломбек Умаралиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid