Sport | 19:39 / 29.12.2021
27352
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident Nodirbek Abdusattorovni taqdirladi

Prezident qarori bilan Nodirbek Abdusattorovga «Mard o‘g‘lon» mukofoti va Toshkentdan 2 xonali uy sovg‘a qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev shaxmatchi Nodirbek Abdusattorovni «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti bilan taqdirladi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar bermoqda. 

Bundan tashqari, prezident farmoni bilan shaxmatchiga Toshkent shahrida 2 xonali xonadon sovg‘a qilinishi aytilgan.

17 yoshli grossmeyster 28 dekabr kuni Polshaning Varshava shahrida shaxmat bo‘yicha jahon chempionatida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

O‘zbekistonlik shaxmatchi uchun 10-tur hal qiluvchi bo‘ldi. U bu turgacha peshqadamlik qilib kelgan, 5 karra jahon chempioni Magnus Karlsenni mag‘lubiyatga uchratdi. Shundan keyin ketma-ket 3 turda durang natija qayd etdi: rossiyalik Vladimir Fedoseyev, hindistonlik Gukesh Dommaraju va polshalik Yan Kshishtof bilan bahslarda 1,5 ochko jamg‘ardi.

13 tur yakunlariga ko‘ra Nodirbek va uch nafar shaxmatchi - Yan Nepomnyashiy, Magnus Karlsen va Fabiano Karuana 9,5 ochkodan to‘pladi. Shundan so‘ng g‘olib nomi taybreykda aniqlanadigan bo‘ldi.

Taybreykda unga rossiyalik Yan Nepomnyashiy raqiblik qildi. Abdusattorov dastlabki raundni qora donalarda o‘tkazdi hamda unda durang qayd etildi. Keyingi partiyada o‘zbekistonlik shaxmatchi raqibni mot qildi.

Shu tariqa, u rapid yo‘nalishida jahonning eng yosh chempioniga aylandi.

  • 2004 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan Nodirbek Abdusattorov 2012 yilda 8 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida jahon chempioni bo‘lgan. 2014 yilda Agzamov memorialida ikki grossmeyster - Andrey Jigalko va Rustam Xusnutdinovni yenggan. 2015 yil aprelida 11 yoshida dunyoning 100 ta top yuniorlari ro‘yxatiga kirish bo‘yicha rekord o‘rnatgan. 2017 yilda, 13 yoshida grossmeysterlik unvonini olgan.
  • U 2018 yilda O‘zbekiston jamoasi safida Butunjahon shaxmat Olimpiadasida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan va Prezident sovg‘asi — Spark avtomobilini qabul qilgandi.
Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid