O‘zbekiston | 22:10 / 21.01.2022
33076
2 daqiqa o‘qiladi

Bloger Miraziz Bazarovga 3 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi

Mirobod tuman sudi uni Jinoyat kodeksining “Tuhmat” moddasi bilan aybdor deb topdi va unga shu modda bo‘yicha eng og‘ir sanksiya – 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinladi.

Foto: Miraziz Bazarov / Facebook

2022 yil 21 yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida sudlanuvchi Miraziz Bazarov (1991 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan)ga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi.

Oliy sud xabariga ko‘ra, Jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi raisi S. Sodiqov raisligida ko‘rib chiqildi.

Hukmga ko‘ra, Bazarov Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi “g” bandida (g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda qilingan tuhmat) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Ma’lumot uchun, bu – ushbu moddaning sanksiyasida ko‘zda tutilgan eng og‘ir jazo. Jazoni o‘tash muddati Bazarov uy qamog‘iga olingan kun – 2021 yil 29 apreldan boshlanadi.

Gazeta.uz'ning yozishicha, mazkur jinoyat ishida blogerlar Abror Abduazimov (Abror Muxtor Ali), Shuhrat Musayev, Jahongir Salimov va Dmitriy Rasulov jabrlanuvchi hisoblanadi.

Toshkent shahar IIBB axborotiga ko‘ra, 2021 yilning 1 aprelidan 20 apreligacha IIBBga fuqarolardan 28ta ariza kelib tushgan bo‘lib, bu arizalarda Miraziz Bazarovga qonuniy chora ko‘rish so‘ralgan. Arizachilarga ko‘ra, Bazarov internetga joylagan videolarida ularni va ularning qarindoshlarini haqorat qilgan, ularni terroristik tashkilotlar bilan hamkorlikda ayblab tuhmat qilgan, milliy an’analarni oyoq osti qilib, ayollarning sha’niga putur yetkazgan va millatlararo nizo uyg‘otgan.

Mavzuga oid