Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarning barchasiga kompensatsiya to‘lanadigan bo‘ldi
1 martdan boshlab imtiyozli toifaga kiruvchi, lekin rasmiy ishda ishlamaydigan va pensiya/nafaqa olmaydigan shaxslar ham kompensatsiya olish huquqiga ega bo‘ldi. O‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz nafaqa oluvchilarga oyiga 130 ming so‘mdan to‘lanadi.
Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi bo‘lim boshlig‘i Davron Pozilov ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini moddiy qo‘llab-quvvatlashga oid prezident farmoniga sharh berdi.
Pozilov AOKAdagi brifingda ma’lum qilishicha, 2022 yil 1 martdan boshlab:
- barcha imtiyozli toifaga kiruvchi (qo‘shimcha ravishda 30 ming nafar) shaxslarga, ularning pensiya (nafaqa) olishi yoki mehnat faoliyatini olib borishidan qat’i nazar, pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 45 foizi miqdorida, ya’ni 130 ming so‘m miqdorda kompensatsiya pulini olish huquqi beriladi;
- o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz nafaqa oluvchi shaxslarga 130 ming so‘m kompensatsiya to‘lovi joriy etiladi;
- yoshi 100 ga to‘lgan va undan oshgan nafaqa oluvchi shaxslarga har oyda pensiyani hisoblash bazaviy miqdorida, ya’ni 289 ming so‘m miqdorda qo‘shimcha to‘lov to‘lab boriladi.
Barcha imtiyozli toifadagi shaxslar soni 100 ming kishidan oshiriladi.
Ushbu kompensatsiya pul to‘lovlarini olish huquqiga ega fuqarolar doimiy yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limlariga murojaat qilishlari mumkin.
Shuningdek, yoshi 100 ga to‘lgan va undan oshgan pensiya yoki nafaqa oluvchi shaxslarga to‘lanadigan ko‘shimcha to‘lov Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan avtomatik tarzda axborot tizimi orqali tayinlanadi.
Mazkur to‘lovlarni moliyalashtirish uchun budjetdan qo‘shimcha 36,4 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ ajratiladi.
Ma’lumot uchun, bugungi kungacha uy-joy kommunal xizmatlari xarajatlarini qisman qoplash uchun 5 turdagi imtiyozli toifadagi shaxslarga, ya’ni salkam 70 ming kishiga pensiyani hisoblash bazaviy miqdorini tabaqalashtirgan holda 72 ming so‘mdan 144 ming so‘mgacha bo‘lgan miqdorda kompensatsiya pullari to‘lanib kelinayotgan edi.
Kompensatsiya pul to‘lovi quyidagi shaxslarga to‘lanadi:
- 1941-1945 yillardagi urush nogironlari va qatnashchilari;
- urush nogironi va qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslar (jumladan, baynalmilalchi, tinchlik o‘rnatuvchi harbiy xizmatchilar);
- o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz pensionerlar;
- konslager mahbuslari, Chernobil atom elektr stansiyasi halokatini bartaraf etishda qatnashib jabrlanganlar, yadro va radiatsiya obektlarida harbiy xizmatni o‘taganlar;
- 1941-1945 yillardagi urushning mehnat fronti qatnashchilari.
Shu paytgacha, kompensatsiya to‘lovi faqat mehnat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yoki pensiya va nafaqa oluvchi fuqarolarga to‘lanishi belgilanib, imtiyozli toifaga kiruvchi, ammo mehnat faoliyati bilan shug‘ullanmaydigan hamda pensiya va nafaqa olmaydigan shaxslarga to‘lov amalga oshirilmagan.
Prezident farmoni bilan Chernobil AES halokatini bartaraf etishda qatnashgan, Afg‘onistondagi harbiy xarakatlarda ishtirok etgan, mehnat faoliyati bilan shug‘ullanmayotgan hamda pensiya va nafaqa olmayotgan shaxslarga, shuningdek, o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz nafaqa oluvchilarga (jami bo‘lib 30 mingga yaqin kishi) ham kompensatsiya to‘lovlari amalga oshiriladi.
Mavzuga oid
10:24 / 24.05.2026
$57 millionlik ezgu tashabbus va IIVdagi ikki xil standart - hafta dayjesti
18:46 / 17.04.2026
Voyaga yetmagan guvoh va jabrlanuvchining qonuniy vakili instituti joriy etiladi
18:30 / 17.04.2026
Ruhiy holatida buzilish bo‘lgan nogironlarga ijtimoiy xizmat tizimi takomillashtiriladi
21:32 / 07.04.2026